Maktabga bolani 6 yoshdan berish kerakmi yoki 7 yoshdan bergan yaxshimi? - Dono.uz

Maktabga bolani 6 yoshdan berish kerakmi yoki 7 yoshdan bergan yaxshimi?

Psixolog va pedagoglarning fikrlariga ko‘ra, 6 yoshli bolaning maktabda ta’lim olishi bir oz erta.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani 217-maktab psixologi Sanjar Ablakulov so‘zlariga ko‘ra, tibbiy jihatdan sog‘lom bolada maktabga ijtimoiy psixologik tayyorlik darajasi, diqqati, ko‘rish qobiliyati, mantiqiy tafakkuri, kichik qo‘l motorikasi, xotirasi, matematik va fazoviy tasavvurlari, og‘zaki nutqi, ilk o‘quv motivlari shakllangan bo‘lishi kerak. Shuningdek, shakl, element, yozuvlarni xuddi o‘ziday qilib ko‘chirishni bilishi, o‘qib berilgan 10-12 ta so‘zni esda saqlab takrorlashi, rasm asosida mantiqiy hikoya tuza olishi, predmetlarni ko‘p yo ozligi, sonlarning katta-kichikligini, predmetlarni guruhlashtirish, umumlashtirish, taqqoslashni hamda qismlardan butun yasashni bilishi kerak.

“Agar bola berilgan rasm asosida mantiqli hikoya tuza olmasa, o‘qib berilgan so‘zlarni esida saqlab qolmasa va boshqa shu kabilarga tayyor bo‘lmasa, bu bolaning maktabga chiqqan paytida o‘qish va yozishni yaxshi o‘zlashtira olmasligiga, aqliy ishchanligining pasayishiga, o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarishda qiynalishiga olib keladi. Buning natijasida bolada stress, tajovuzkorlik, injiqlik, uyqusizlik, ishtahaning yo‘qolishi, jismoniy rivojlanishdagi kamchiliklar, bo‘y o‘sishining orqada qolishi, kamqonlik kabi holatlar kuzatilib, bola sog‘lig‘ining yomonlashishiga, hattoki maktabga moslasholmasligiga olib keladi”, – dedi u.

Bundan tashqari, ota-onalar hozir o‘z farzandlarini yaxshi ta’lim olsin degan niyatda, bolalari rus tilini bilmasa ham, ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarga berishmoqda. Ammo ular farzandlari bunga tayyormi yoki yo‘qligini o‘ylab ko‘rishmayapti.

Hozirgi kunda ko‘p hollarda rus tilini bilmaydigan bolalarni rus sinflariga o‘qishga berishmoqda. Ustiga ustak ota-onalarning o‘zlari ham rus tilida so‘zlasha olmaydilar.

107-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi N. Annenkova so‘zlariga ko‘ra, natijada bunday o‘quvchilar darsda berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirishga qiynaladi. O‘qituvchilar bunday o‘quvchilarga mavzuni tushuntirish uchun darsda qo‘shimcha vaqt ketkazadi va bu butun sinfning belgilangan dasturdan ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Rus sinfida ta’lim olayotgan o‘quvchilar atrofida ota-onalari, qarindoshlari va do‘stlari rus tilida muomala qilishlari kerak. Hozirda esa rus sinfida tahsil olayotgan o‘quvchilarimiz o‘zbek tilida do‘stlari bilan suhbatlashadi. Bu o‘quvchilar bir ammalab, dasturni o‘zlashtirishlari mumkin, ammo bu ularning so‘z boyliklari kamligiga olib keladi, dedi Annenkova.

Free WordPress Themes