Prezident maktablariga 8 kunda 8 ming nafardan ortiq oʻquvchi hujjati topshirildi - Dono.uz

Prezident maktablariga 8 kunda 8 ming nafardan ortiq oʻquvchi hujjati topshirildi

8-iyun soat 15:15 ga qadar Prezident maktablariga 8,3 mingdan ziyod nomzod hujjat topshirgan boʻlsa, ulardan 2,4 mingdan ziyodi pm.xtv.uz saytida yaratilgan qulayliklardan foydalangan holda hujjatlarini onlayn topshirdi

Prezident maktablariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni 1-iyunda boshlangan boʻlib, 22-iyunga qadar davom etadi. Joriy yilda Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida hujjatlar qabul qilinmoqda. Hujjatlarni ikki xil usulda topshirish mumkin: onlayn va offlayn. Hujjatlar onlayn usulda Prezident maktablarining rasmiy sayti orqali qabul qilinmoqda. Internetdan foydalanish imkoniyati yoʻq ota-onalar hujjatlarni offlayn usulda topshirishlari yoʻlga qoʻyilgan. Buning uchun Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi qabul markazlariga borishlari kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevralda qabul qilingan “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumtaʼlim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga koʻra amalga oshirilishi belgilangan.

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar oʻquvchidan iborat boʻlib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan oʻquvchi taqsimlanadi. Birinchi oʻquv yilida Prezident maktablarining har biriga 5-10-sinflarga 144 nafardan oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi.

Joriy yilda Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga oʻquvchilar 5-10-sinflariga, kelgusi yillardan boshlab esa 5-sinfga qabul qilinadi.

Hujjatlarni topshirish faqat ariza beruvchining tahsil olayotgan hududi boʻyicha amalga oshiriladi. Arizachi oʻqiyotgan maktabning hududiy joylashuvi Prezident maktabi ochilayotgan hududga mos kelishi kerak. Boshqa viloyatlar maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchilar 2020-2021-yillarda respublikamizning boshqa viloyatlarida tashkil etiladigan Prezident maktablariga hujjat topshirishi mumkin.

Free WordPress Themes