Kitob oʻqishda Bill Geyts amal qiladigan 4 qoida - Dono.uz

Kitob oʻqishda Bill Geyts amal qiladigan 4 qoida

“Koʻp oʻqigani bois dunyo uniki edi”, degan mashhur jumlani esga olsam, koʻz oldimdan koʻplab insonlar oʻtadi. Jumladan, sayyoramizning badavlat insonlaridan biri Bill Geyts ham. Uning fikrcha, yaxshi kitob — hayotidagi muhim hodisa.

Bill Geyts bilimi va tirishqoqligi bilan nafaqat oʻzining, balki insoniyatning ham hayotini yaxshilagan biznesmen, jamoat arbobi. U jahonning eng koʻp kitob mutolaa qiladigan kishilaridan biri sifatida ham nom qozongan. Janob Geyts har yili oʻrtacha 50 ta kitob oʻqiydi. Yaʼni, har haftada bitta kitob! Bill Geyts uchrashuvlarda ham sayyoramizning eng muvaffaqiyatli kompaniyasini yaratishda unga oʻqish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishi yordam berganini koʻp takrorlaydi.

Kitob oʻqishda Bill Geytsning oʻz qoidalari mavjud. Zero, oʻqish bilan uqishning farqi borligini biz ham yaxshi bilamiz. Milliarder yaqinda Quartz nashri bilan suhbatda oʻzining kitob oʻqishda eʼtibor qiladigan odatlarini maʼlum qildi. Quyida ularni bayon qilamiz.

  1. Kitob hoshiyasiga qaydlar qoldirish.

“Oʻqish insondan diqqatni jamlashni talab qiladi. Ayniqsa, ilmiy yoki badiiy boʻlmagan kitoblarni oʻqish jarayonida sen yangi bilim olasan. Ularni oʻzingdagi qarashlar bilan chogʻishtirish uchun qayd yozish foydali odat. Qolaversa, yaxshi kitob oʻz sir-asrorini bir oʻqishda fosh qilmaydi. Uni takror oʻqiganing sayin tushunib borasan. Qayd yozish odati keyinchalik ham kitobni varaqlaganingda sahifalardan oʻzing uchun muhim fikrlarni tez va oson topishga yordam beradi. Shuningdek, bu odat oʻquvchida tanqidiy fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi”.

  1. Boshlagan kitobingni tashlab qoʻyma!

Bill Geyts oxiriga qadar oʻqishga koʻzi yetmagan kitobni qoʻliga olishdan qochadi. Buning yaxshi tomoni bor — kitobni esga tushganida oʻqish vaqtni behuda sarflashdan farq qilmaydi.

“Maʼnan va ilmiy jihatdan yetuk kitoblarni tanlab oʻqing. Aks holda, bir dasta qogʻoz hayotingizni zaharlashi yoki oʻgʻirlashi mumkin”, deydi u.

Milliarderning fikricha. ming yil avval yozilgan kitob uni oʻqimagan odam uchun hali yangi hisoblanadi.

  1. Bosma yoki elektron? Qaysi qulay boʻlsa, shuni oʻqing!

“Hozircha bosma kitoblar mutolaasi men uchun qulay. Biroq, sekin-asta gadjetlarda ham kitob oʻqishni odat qilmoqchiman”, deydi Bill Geyts. Agar sizga mobil qurilmalarda kitob oʻqish qulay boʻlsa, bu – sizning tanlovingiz. Muhimi – eski poʻstin kiysangiz ham, yangi kitob oʻqishga odatlaning.

  1. Bir soatni mutolaa uchun ajrating.

Bill Geyts kitob oʻqishni dam olishning eng soz yoʻli, deb biladi. Uning maslahatiga koʻra, kitobni qoʻlga olishdan avval siz kamida keyingi bir soatni faqat shu ishga bagʻishlashga qatʼiy qaror qilishingiz kerak.

“Kitob oʻqish 5 yoki 10 daqiqalik ish emas. Ehtimol, gazeta yoki jurnal oʻqish uchun bu yetarlidir”.

Janob Geyts kitob oʻqishdan huzurlanish kerakligini aytadi. Bu esa kitobga kirishib ketishni talab qiladi. Milliarderning fikricha, yaxshi kitob oʻqib lazzatlanmagan insonni sogʻlom deyish xato.

Shuhrat SATTOROV tayyorladi.

Free WordPress Themes