Maktab formasi hozircha majburiy bo‘lmaydi - Dono.uz

Maktab formasi hozircha majburiy bo‘lmaydi

Majburiy maktab formasi 2019–2020-o‘quv yilida ixtiyoriy bo‘ladi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilinishi kutilyapti, dedi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

«Formani juda ko‘p muhokoma qilsa bo‘ladi. Ijobiy tomonini ham, salbiy tomonini ham. Lekin shoshilish kerak emas. Bizda ozgina shoshish bo‘layapti. Maktab formasi o‘tgan yili majburiy emas, ixtiyoriy bo‘ldi. Yangi o‘quv yilida majburiy qilsak, shoshilish bo‘lib qoladi», – degan Sherzod Shermatov.

Vazirga ko‘ra, 1-sinfdan 11-sinfgacha maktab formasini tikish juda katta hajmni tashkil qilib, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bu vazifani uddalay olmasligi mumkin.

«Hozir biz Vazirlar Mahkamasiga qo‘shimcha taklif tayyorlayapmiz. Chiqqan qarorga o‘zgartirish kiritish. Ota-onalar tashvishlanmasa bo‘ladi, yaqin orada qaror chiqadi. Yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘lmaydi. Maktab formasi bosqichma-bosqich joriy qilinadi», – degan Xalq ta’limi vaziri.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva yangi o‘quv yilidan maktab formasini majburiy qilmaslikni aytib, maktablarda boshqa kamchiliklar va muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagandi.

Free WordPress Themes