O‘zbekistonlik bolalar 12 xil yuqumli kasallikka qarshi bepul emlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha yo‘nalishida yangi rivojlanish davrini boshlab berdi. Unga muvofiq davlat sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikkita tizim – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tuzildi.

Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida ayrim yuqumli kasalliklarning ko‘rsatgichlari sezilarli kamayishiga erishildi.

Jumladan, 1991 yildan 2018 yilga qadar ich terlama kasalligining ko‘rsatgichlari 246,6 marotabaga, salmonellyoz 12,4, o‘tkir ichak kasalliklari 4,5, bakterial dizenteriya 5,4, virusli gepatitning A turi 5,4, yuqori nafas yo‘llarining o‘tkir respirator kasalliklari 6,8, marotabaga va gripp kasalligi 9,8 marotabaga kamaydi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, respublikada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida virusli gepatitning V turi ro‘yxatga olinmagan va rotavirus ichak kasalliklari esa 35-40 foizga kamayishi kuzatilgan. Qator yillar mobaynida difteriya, qoqshol va 16 yoshgacha bolalar o‘rtasida virusli gepatitning V turi qayd etilmadi. Shuningdek karantin va o‘ta xavfli kasalliklarning O‘zbekiston hududiga chet davlatlardan kirib kelishi va tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Milliy emlash kalendariga muvofiq, bolalar 12 xil yuqumli kasallikka qarshi davlat byudjeti hisobidan bepul emlab kelinmoqda. Bolalarni emlash talab darajasida yo‘lga qo‘yilgani natijasida bir qancha yuqumli kasalliklarning tugatilishiga erishildi. Shu bois 2002 yilda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining “O‘zbekiston shol kasalligidan xoli hudud” ekanligi to‘g‘risida sertifikati, 2017 yilda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa regional byurosiga a’zo bo‘lgan 53 davlat ichida oltinchi bo‘lib, “O‘zbekistonda qizamiq va qizilcha kasalligi eliminatsiya qilingan”ligi to‘g‘risida tegishli hujjati, 2018 yilda O‘zbekistonda bezgak kasalligining mahalliy holatlari bartaraf etilganligi to‘g‘risida Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining sertifikati olindi.

Ulashing | Поделись этим: