Siz ta'til kunlarini qanday o'tkazmoqdasiz? - Dono.uz

Siz ta’til kunlarini qanday o’tkazmoqdasiz?

Bolalar orziqib kutgan ta’til boshlandi. Uni qayerda va qanday o‘tkazish haqida o‘quvchilar ota-onalari bilan allaqachon maslahatlashib olgan. Kimdir ta’tilni uyda, ota-onasiga yordam berib o‘tkazishni rejalashtirgan bo‘lsa, boshqa birov oromgohda hordiq chiqarmoqchi.

Oromgohda dam olishning ham o‘z qoidalari bor. Shuningdek, bolalar amal qilishi shart bo‘lgan talablar bilan birga tarbiyachilar zimmasiga yuklatiladigan mas’uliyatlar ham mavjud.

Yozgi oromgohlarda dam olishi mobaynida bolalarning yurish-turishi, vaqtini maroqli va mazmunli o‘tkazishi, xavfsizligiga tarbiyachilar javobgardir. Ular oromgohda metodik xizmat ko‘rsatish, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda pedagoglar va bolalar jamoasining yaqin yordamchisi hisoblanadi. Qolaversa, dam olish maskanidagi shart-sharoit, an’analarni hisobga olgan holda tadbirlar o‘tkazilishini belgilaydi. Sayohatga olib chiqilganda, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan paytda bolalar xavfsizligini ta’minlaydi. Shuning­dek, rahbariyat bilan birga kutubxonalar, guruhlar, to‘garaklar, sport seksiyalari ishini rejalashtiradi, kun tartibi bajarilishini ta’minlaydi va nazorat qiladi.

Quyida oromgoh tarbiyachisi faoliyatida asqotadigan ba’zi foydali maslahatlarni keltiramiz. 

Xalq o‘yinlaridan foydalaning 

Bugun jangarilikka, vayronkorlikka undov­chi kompyuter o‘yinlarni soatlab o‘yna­shi natijasida bolalar, birinchidan, sog‘lig‘ini yo‘qotayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, ko‘nglida yovuzlikka moyillik uyg‘onyapti. Oqibatda jismoniy faollikka undaydigan ko‘p harakat talab qiladigan xalq o‘yinlaridan bebahra qolyapti. Modomiki, bolalar orom­gohlarga hordiq chiqarish uchun borar ekan, ularga kompyuter o‘yinlaridan dam berib, unu­tilayotgan, bolalarning sog‘lig‘i uchun foydali, fikrlashi, jismoniy harakatini faollashtiradigan xalq o‘yinlarini o‘rgataylik. Bu o‘rinda Guljahon Mardonovaning “Farzandingizga o‘yinlar” kitobida keltirilgan xalq o‘yinlaridan foydalanishni tavsiya etamiz. Shunday o‘yinlarga misollar keltiramiz.

Echki, uloq va bo‘rilar 

O‘yinda sakkiz nafar bola ishtirok etadi. Ularning oltovi bo‘ri, birovi echki va yana biri uning ulog‘i bo‘ladi. Tasavvur qiling: echki va uloq o‘tloqda yurgan edi. Birdan bo‘rilarning uvlashi eshitildi. Echki darhol bolasini himoyalashga shaylanadi. Uloq yerga o‘tirib oladi. Echki esa har tarafdan tashlanayotgan bo‘rilar bilan kurashadi. O‘yin davomida qaysi bo‘ri echkining qo‘liga tushsa, o‘yindan chiqadi. Shu tariqa echki o‘z hududini, ostona­sini himoya qiladi. Agar u jang davomida ozgina loqayd bo‘lsa, bo‘ri uloqni qo‘lga tushiradi.

Bu voqeaband va harakatli o‘yin bo‘lib, bolalarda o‘z uyini, Vatanini himoya qilish kabi yuksak fazilatlarni shakl­lantiradi.

Mo‘ljal 

Bu o‘yin ajdodlarimizning ovga tayyorgarlik mashqi haqida. O‘yinda o‘nlab bolalar ishtirok etishi mumkin. Ikki nafar bola oq matoga chizilgan yovvoyi hayvon suratini ko‘tarib turadi. Qolganlar laxtaklardan handalak kattaligida yasalgan koptokcha bilan yovvoyi hayvon suratini mo‘ljalga oladi. Buning uchun ular har xil qiyqiriqlar bilan hayvon atrofida aylanadi. Va qulay payt kelganda koptokchani suratga otadi. Kimning koptogi suratga tegmasa, keksa ovchi uni o‘yindan chiqarib yuboradi. Oxirida mohir ovchi qoladi, demak, u g‘olib. Ushbu o‘yin voqeaband o‘yinlar sirasiga kiradi. Koptokni hayvon suratiga otayotganlar sakraydi, yuguradi, qo‘lini ko‘taradi, bevo­sita jismoniy mashqlar bajaradi. Bu ular­ning sog‘lom, bo‘ychan, irodali, tirishqoq bo‘lishiga zamin yaratadi.

Yong‘oq 

O‘yin uchun bolalar chuqurcha kovlaydi. Tayyor bo‘lgach, har biri chuqurcha yonida turib cho‘ntagidagi zaxira yong‘oqlarni bittadan otadi. Kimning yong‘og‘i eng uzoq joyga tushsa, u birinchi bo‘lib chuqurcha ichidagi yong‘oqlarni, ya’ni yovvoyi hayvonlarni mo‘ljalga oladi. Ishtirokchi mo‘ljalni bexato olib yong‘og‘ini chuqurchaga tushira olsa, u yerda to‘plangan yong‘oqlar uniki bo‘ladi. Qolgan bolalar yana chuqurchaga bir donadan yong‘oq tashlaydi. Va yuqorida aytilgan tartib bo‘yicha o‘yin davom etadi. Qaysidir ishtirokchi navbati yetib kelmagani uchun yong‘oqlaridan batamom ayrilishi mumkin. Kimdir esa qo‘ynini yong‘oqqa to‘ldirib oladi. Bu o‘yin bolalarning o‘z ustida ishlashi, harakatini kuchaytirishiga yordam beradi.

Turli jarohat va kasalliklar paytida birinchi yordam

Lat yeganda…

Bolalarda turli ko‘rinishdagi lat yeyish holatlari uchraydi. Yiqilish, daraxt yoki baland joylardan tu­shib ke­tish, turtinish kabi vaziyatlarda lat yeyish darajasi aniqlanadi va davolanadi. Ungacha birinchi yordam ko‘rsatish lozim. Bunda bo‘yimodaron jarohatga malham sifatida qo‘yiladi. O‘simlikning ustki qismi qaynoq suvda ivitilib, lat yegan joyga 2-3 soat mobaynida bog‘lab qo‘yiladi. Bu holat bir necha marotaba takrorlanadi. Aloye ham jarohatga qo‘yilsa, og‘riqni qoldiradi.

Oftob urganda… 

Oftob urish holati yozning jazirama kunlari kuzatilishi mumkin. Buning natijasida kishida lohaslik, kuchli bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, madorsizlik, kuchli chanqash yuz beradi. Bunday hollarda oftob urgan bolani salqin joyga yotqizib, ko‘p miqdorda ma’danli suv ichiriladi. Shunda organizmdagi zararli moddalar tashqariga chiqadi. Keyin ko‘proq sut mahsulotlari, qatiq berish zarur. Ko‘proq D vitaminiga boy taomlar iste’mol qilinishi kerak.

Isitma ko‘tarilganda… 

Isitmani tushirishda qariqiz o‘simligi urug‘i sutga solib qaynatiladi va shu qaynatmadan bemorga ichiriladi. Shuningdek, yana quyidagi shifobaxsh o‘simliklar tavsiya etiladi: shotut, ravoch, beshbarg, chuchukmiya, kungaboqar. Bundan tashqari kashnich urug‘idan 3 choy qoshiq olib, bir stakan qaynoq suvda 15 daqiqa damlanadi. Keyin dokadan suzib o‘tkazilib, kuniga 3-4 mahal och qoringa ikki osh qoshiqdan ichiladi.

Kuyganda… 

Turli tasodiflar tufayli inson organizmida kuyish yuz berishi mumkin. Bu holat qaynoq suv, olov, quyosh nuri ta’sirida kuzatiladi. Bunda birinchi yordam ko‘rsatishda kuyish asoratlari qolmasligini ham hisobga olish ke­rak. Sabzini qirg‘ichdan o‘tqazib, kuygan joyga bosish ham tez tuzalishga yordam beradi. Gippokrat kuygan yaralarni tuzatishda anor sharbatidan foydalangan. Ibn Sino kuygan joylarni davolashda aloyening shirasini ishlatgan. Aloye shirasiga 10 gramm kastor moyi, 0,2 gramm sorbon kislotasi, 1,5 gramm tuz qo‘shib malham tayyorlanadi. Ushbu malham kuygan joyga qo‘yilsa, jarohat tez tuzaladi.

Hashoratlardan ehtiyot bo‘ling! 

Bolalar bilan sayrga chiqqanda, tabiat qo‘yniga eks­kursiyalar vaqti turli hashoratlar “hujum” qilishi mumkin. Oqibatda badanda qichishish, qizarish, shishish, og‘riq kabilar yuzaga keladi. Hatto o‘ta xavfli ko‘ri­nish — zaharlanish holatlari ham kuzatiladi. Hashoratlar chaqqa­n­ida, ayrim bolalarda allergik reaksiya paydo bo‘lib, ahvoli og‘irlashadi. Bunday noxush holatlarning oldini ­olish uchun, avvalo, tarbiyachi zaharli hashoratlar, ularning yashash tarzi, xususiyatlari, foydali va zararli tomonlari haqida tushuncha berishi zarur. So‘ngra ulardan qanday himoyalanish, saqlanish haqida tushuntiriladi. Bunda aso­san, bolalarga quyidagilarga amal qilish lozimligi aytiladi:

— sayrga, tabiat qo‘yniga ekskursiyalar vaqtida yengi uzun ko‘ylak, shim yoki sport formasida bo‘lish lozim. Chunki, birinchidan, tana quyoshning noxush ta’siridan saqlansa, ikkinchidan, iloji boricha oyoq-qo‘l, bilaklar yopiq holatda bo‘ladi, hashoratlar chaqishi uchun imkon qolmaydi;

— hashoratlar asosan o‘t-o‘lanlar orasida bo‘ladi, gullarga qo‘nadi. Shuning uchun yalangoyoq yurmagan ma’qul.

— kiyimlarning rangiga ham e’tibor berish kerak. Iloji boricha ochiq rangli, sidirg‘a kiyimlarni kiygan ma’qul. Chunki hashoratlar aynan rangli, gulli kiyimlarga o‘ch bo‘ladi;

— yaltiroq taqinchoqlar taqib yurish yaramaydi. Bu ham hashoratlarning e’tiborini tez tortadi;

— boshda albatta qalpoq, shlyapa yoki ro‘mol bo‘lishi shart. Bu, avvalo, quyosh nuri ta’siridan asrasa, ikkinchidan, asalari, qovoqari, chumakari kabi hashoratlar soch orasiga kirib olsa, o‘ralashib, chaqib olishidan saqlaydi;

— ari kosadagi ovqatga tushishidan ham ehtiyot bo‘lish kerak. Bilmasdan ovqatga qo‘shib og‘zingizga solsangiz tilingiz, lunjingiz yo tomog‘ingizdan chaqib olishi mumkin. Shuningdek, choynak jo‘mragidan choy ichmang, ichida ari bo‘lishi mumkin. Tomoqni ari chaqib, bo‘g‘ilib qolish hollari ham kuzatiladi;

— dam olish xonalarining derazalariga to‘r qoplash shart. Hashoratlardan saqlaydigan turli xil vositalardan foydalanib turish ham maqsadga muvofiq. Shunday vositalarni yoningizda olib yursangiz, kerak bo‘lganda foydalanasiz.

Asolat AHMADQULOVA tayyorladi.

Free WordPress Themes