Dunyo tajribasi: Jahonning 134 mamlakatida ta’lim 6 yoshdan boshlanadi - Dono.uz

Dunyo tajribasi: Jahonning 134 mamlakatida ta’lim 6 yoshdan boshlanadi

YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi 204 davlatining 134 tasida (64,6 foiz) bolalar maktab tahsilini 6 yoshdan boshlar ekan, 42 mamlakatda (20,6 foiz) maktabga 7 yoshdan borishadi. Masalan, Germaniya, Italiya, Fransiya, Belgiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya, Kanada kabi mamlakatlarda bolalar maktabga 6 yoshdan qatnay boshlaydi.

2018-yilda Qozog‘istonda “Bolalarning erta rivojlanishi: muammolar va ularning echimini izlash” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra 5 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashni maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlash lozimligi va birinchi sinfga 6 yoshdan boshlab olish lozimligi aniqlandi.

Olimlarning fikricha, 6 yoshdagi bolalarning o‘qishga chanqoqligi, ularning qiziquvchanligi va rivojlangan tasavvuri, kognitiv (anglash) va psixik rivojlanganlik jihatlari maktabga 6 yoshdan o‘qitishni boshlashning afzallik tomonlari hisoblanadi, chunki bu yoshda bolaning motivatsion-ehtiyoj xususiyatlari faol rivojlanish bosqichida bo‘ladi: bu yoshdagi bolalarda hamma narsa qiziqish uyg‘otadi va ularda hamma narsadan biror nima o‘rganish imkoniyati bo‘ladi. 6 yoshdagi bolalarda diqqat-e’tiborning barqarorligi, og‘zaki iltimos, buyruqni qabul qilib tushunish, o‘z harakatlarini muvofiqlashtira olish xususiyatlari shakllanadi. 6 yoshga kelib bolaning so‘z boyligi taxminan 4 ming so‘zdan iborat bo‘ladi.

Bolaga sodda maqol-matallar ma’nosi tushunarli bo‘lib, u rasmlardagi syujet aloqalarini oson anglay oladi va ular asosida hikoya tuza oladi, narsalarni hech bir qiyinchiliksiz umumlashtirib, qismlarga bo‘la oladi, oddiy arifmetik vazifalarni bajara oladi, makon va zamon haqida tushunchasi shakllangan bo‘ladi. Bolani maktabga tayyorlash oilada, maktabgacha ta’lim muassasalarida va umumta’lim maktablari qoshidagi maktabgacha ta’lim sinflarida amalga oshiriladi. Odatda maktabgacha ta’lim muassasalarida tahsil olgan olti yoshli bolalar boshlang‘ich ta’lim darajasi standart o‘quv dasturlari asosida ta’lim olishga tayyor bo‘ladi.

Sifatli ta’lim beruvchi maktablar va buyuk o‘qituvchilarga ehtiyoj hamma zamonlarda bo‘ladi. Vaqtincha iqtisodiy qiyinchiliklar, ishga olish siyosati, budjetni qisqartirish yoki ta’lim tizimiga ta’sir qiluvchi boshqa omillarga qaramasdan, maktablar va o‘qituvchilarga bo‘lgan talab vaqtga bo‘ysunmaydi va umumbashariy hisoblanadi. Jamiyatda doim murabbiylarga ehtiyoj bo‘ladi. Shu asnoda Xalq ta’limi vazirligi yuqori malakali maktablar tanqisligini qisqartirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiya ishlab chiqishi va boshqa vazirliklar bilan yaqin hamkorlikda jamoa bo‘lib ish olib borishi lozim. Aks holda oldimizga qo‘ygan qisqa muddatli maqsadlarga erishish yo‘lida turli to‘siqlar va “innovatsiyalar” bilan ota-onalarni ranjitishimiz va sifatli ta’lim yo‘qligi sababidan ertangi kunimizda savodsiz yosh avlodning ko‘p sonli armiyasini qoldirishimiz ehtimoli bor.

Free WordPress Themes