Oʻqituvchilarni 6 yoshida lol qoldirgan bola - Dono.uz

Oʻqituvchilarni 6 yoshida lol qoldirgan bola

Shomurod Shopoʻlatov 6 yoshga toʻlib, maktab ostonasiga ilk qadamini qoʻyganida 2-sinf matematika darsligidan berilgan misollarni osongina yechgan va imtihon olayotgan oʻqituvchilarni lol qoldirgan edi.

Bugun u “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni va “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi.

– Ota-onam matematik amallarni yechishdagi qobiliyatimni toʻrt yoshimda payqagan ekan, – dedi Sh.Shopoʻlatov. – Ular shu soha boʻyicha tahsil olishimda barcha sharoitni yaratib berdi. Maktabni “aʼlo“ baholarga tugatib, akademik litseyda oʻqib yurganimda matematika fanidan xalqaro olimpiadada, forum va konferensiyalarda qatnasha boshladim. Ustozlarimning oʻgitlari, birgalikdagi mehnatimiz natijasida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindori boʻldim. Davlatimiz rahbarining bu eʼtiboridan boshim koʻkka yetdi.

Shomurod Shopoʻlatov 1995-yili Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida tugʻilgan. 2016-yili Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining bakalavr, 2018-yili magistratura bosqichini tugatgan. Prezident Davlat stipendiyasi va boshqa nomli stipendiyalar sovrindori, Troy universitetining (AQSH) masofaviy oʻquv kursi bitiruvchisi. Qator xalqaro fan olimpiadalari gʻolibi.

Hozir Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika instituti tayanch doktoranti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU matematik analiz kafedrasi oʻqituvchisi.

– Koʻpchilik matematika fanini oʻta murakkab deb biladi, – dedi Sh.Shopoʻlatov. – Lekin unday emas. Hammasi mehnatga bogʻliq. Har bir inson tanlagan sohasini sevib, tinmay izlansa, albatta, oʻz maqsadiga erishadi. Oʻquvchilarimizga xorij tajribasi asosida bilim beramiz. Mavzularni sodda va hayotiy misollar bilan tushuntiramiz.

Prezidentimiz yurtimizda texnoparklarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ularda turli soha mutaxassislari birgalikda faoliyat olib boradi. Bu barcha soha taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Oʻrni kelganda aytish joizki, mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida ikkinchi, uchinchi bosqich talabalari uchun mutaxassisligidan tashqari boshqa fanlarni oʻqitishga ham koʻp dars soati ajratilgan. Xorijda esa ikkinchi, uchinchi kurs talabalari asosan oʻz sohasiga oid fanlardan tahsil oladi. Bundan tashqari, sohamizdagi ayrim darsliklar yangi nashrda chop etilmagan. Ancha yillar avval chop etilgan darsliklardan foydalanishga majbur boʻlayapmiz. Bunga ham eʼtibor qaratilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Albatta, ilm yoʻli mashaqqatli ekanini anglab borayapmiz. Bu yoʻlda davlatimiz rahbarining alohida gʻamxoʻrligini sezib turganimiz esa bizga katta kuch-gʻayrat, ilhom bermoqda.

Free WordPress Themes