OTA MEHRI (hikoya) - Dono.uz

OTA MEHRI (hikoya)

Siz farzandingizni yaxshi bilasizmi???
– Alo, uyga biron nima kerakmi? Yo‘ldaman kelyapman, – dedi.
Ayoli:
– Yo‘q, hech narsa kerak emas, kelavering…- dedi.
– Unday bo‘lsa yaxshi, kechki ovqatni tayyorlab tur qornim och, birozdan so‘ng uyda bo‘laman, – dedi.
Ayoli:
– Xo‘p bo‘ladi, – dedi.
Ayol telefonni o‘chirishni unutib joyida qoldirdi.
Eri hali telefonini o‘chirib ulgurmagan edi, ayoli bilan o‘g‘li Samirning suhbati eshitildi…
Samir:
– Dadam meni so‘radilarmi? – deb so‘radi.
Onasi:
– Albatta, o‘g‘lim, seni ko‘radi. Dadang seni qattiq yaxshi ko‘radi, – deb javob berdi.
Samir:
– Aniq bilaman, men haqimda so‘ramaganlar. Agar siz aytganingizdek yaxshi ko‘rganlarida, qanchadan buyon iltimos qilayotganim – shaxmat o‘ynashni o‘rgatgan bo‘lar edilar, – dedi, xafa bo‘lib.
Ota telefonini o‘chirmasdan o‘g‘lining gaplarini eshitib kelayotgan edi. Suhbatlarini yaxshiroq tinglash uchun mashinasini to‘xtatdi.
O‘g‘li hali gapini tugatmagan edi:
– Esingizdami, oyijon, o‘tgan yili imtihonlardan a’lo bahoga o‘tganim uchun shaxmat sovg‘a qilishgan edi. Menga o‘ynashni o‘rgatishlarini iltimos qildim, ikkita yurishnigina o‘rgatdilar, so‘ng qo‘ng‘iroq bo‘ldi, shu bilan chalg‘ib ketdilar. Har safar o‘rgating desam, band bo‘ladilar. Menga shaxmat o‘ynashni kim o‘rgatdi bilasizmi? Do‘stim Ahmadning dadasi… Ahmaddan dadasi menga shaxmat o‘ynashni o‘rgatishini so‘ragan edim, kelsin o‘rgataman, degan edi, – dedi.
Onasi:
– Ovozingni pastroq qil, bolam, hademay dadang kelib qoladilar, – dedi.
Ota esa, barchasini eshitib turar edi…
Samir:
– Sizga bir narsa aytaymi, oyijon! Do‘stim Ahmadnikida o‘ynab o‘tirganimizda, dadasi ishdan keldi, Ahmad eshikni ochish uchun tashqari chiqdi. Eshikni ochib, dadasiga salom berdi. Dadasi esa «Ahmadning quchog‘i qani?!!» dedi. Ahmad «Bu yerda! Bu yerda!» deb o‘zini dadasining quchog‘iga otdi. So‘ng qaytib keldi, biz yana o‘ynashda davom etdik, – dedi.
O‘g‘lining gaplari otani qattiq ta’sirlantirdi…
Ona o‘g‘li Samirni qattiq quchoqlab oldi va:
– Maktabdan qaytganingda, hamisha seni bag‘rimga bosamanku, bolajonim, – dedi.
Ota mashinada o‘tirar ekan, ko‘z yoshlari to‘g‘onini ochib yuboruvchi so‘zlar yangradi…
Samir onasiga:
-Oyijon! Men dadamning quchog‘iga mushtoqman, unga to‘ymayman, – dedi.
Onasi:
– Samir o‘g‘lim, dadang kun bo‘yi ishlab, charchab keladilar, – dedi, bolani yupatmoqchi bo‘lib.
Samir:
-Bilaman. Ro‘zg‘orga kerak narsalarni ko‘tarib keladilar. Dam olishga o‘tirganlarida qo‘llariga telefonlarini olib, bitmay qolgan ishlari bilan band bo‘ladilar, – dedi.
Samir gapini tugatgach, onasidan qo‘l telefonini so‘radi. Kechki taom tayyor bo‘lguncha, o‘ynab turish uchun.
Samirning otasi o‘g‘li sezib qolmasidan, tezda aloqani o‘chirdi.
O‘g‘lining gaplarini tahlil qildi.
O‘tgan kunlar, oylar, yillar kinolenta kabi ko‘z o‘ngida birma-bir gavdalandi…
Eshitgan so‘zlari rost…
Kechinmalar qalbini o‘rtardi…
O‘g‘li qancha yillarni otasini bag‘rini sog‘inib o‘tkazgan ekan…
Aslida o‘zi bolasining quchog‘iga muhtoj edi…
Do‘konga kirdi, yangi shaxmat sotib oldi…
Sovg‘a yanada go‘zal bo‘lishi uchun chiroyli qutichaga soldi.
Uyiga tezda qaytdi…
Lekin..
Nima qilishni, gapni nimadan boshlashni bilmasdi.
Yagona bilgan narsasi bu – o‘zining o‘zgargani, to‘g‘irlangani edi…
Ish hujjatlarini moshinasida qoldirdi…
Qo‘lida sovg‘adan boshqa hech narsa yo‘q edi…
Uyiga yetib kelgach, eshik oldida to‘xtab qoldi…
Odatiga ko‘ra eshikni kalit bilan ochmadi…
Eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldi…
Sababi, o‘g‘li yugurib kelib eshikni ochishini bilardi…
Samir eshikni ochdi. Dadasining yuzida tabassum, qo‘lida sovg‘a bilan turganini ko‘rib hayratlandi. Ilgari Samir bunday holni ko‘rmagan edi.
Onasi:
– Samir, kim ekan? – dedi.
Samir:
– Dadam ekanlar, – deb javob berdi.
Samirning ko‘zi sovg‘aga tushdi, ichida «bu men uchun bo‘lmasa kerak» deb o‘yladi. Otasi uyga kirdi. Samir eshikni yopib, xonasi tomon yurdi. Otasi hamon eshik oldida turardi.
Otasining:
– Samirning quchog‘i qani?! – deganini eshitdi.
Samir turgan joyida qotib qoldi. Boshi aylanib ketgandek bo‘ldi. Eshitgan so‘zlari rostmi, yo‘qmi tushunishga urinardi.
Otasiga:
– Biron nima dedingizmi, dada? – dedi.
Otasi:
-Ha, dedim. Samirimning quchog‘i qani!- dedi, mehr to‘la ko‘zlari bilan boqib.
Samir quvonchdan qiyqirib, quchoq ochib dadasining bag‘riga otildi!

Odil Xudoyqulov

Free WordPress Themes