21-аsrdа bоlаni аynаn qаndаy tаrbiyalаsh kеrаk? - Dono.uz

21-аsrdа bоlаni аynаn qаndаy tаrbiyalаsh kеrаk?

Isroillik tarixchi Yuval Noy Xarari davrning o‘ziga xos mutafakkirlaridan hisoblanadi. Uning «Sapiens. Insoniyatning qisqacha tarixi» va «Homo Deus. Kelajakning qisqacha bayoni» kitoblari jahonga mashhur bo‘lib, o‘nlab tillarga tarjima qilingan. Birinchisi bashariyat tarixiga bag‘ishlangan, ikkinchisi esa – uning uzoq kelajagiga. Endi uchinchi kitob – «XXI asr uchun 21 ta saboq» nashr etildi, unda Xarari bugungi voqelik haqida fikr yuritadi. Kitobning boblaridan biri 2019 yilda tug‘ilgan bola boshiga tushajak tashvishlarga tayyor bo‘lishi uchun uni qanday tarbiyalash kerakligiga bag‘ishlangan. «Meduza» Xararining asosiy fikrlarini keltirdi.

Aslida xotirani kuchaytirmasa ham bo‘ladi

Xararining yozishicha, qachonlardir axborotni eslab qolish haqiqatan ham zarur bo‘lgan. 200 yilcha odin yer yuzi aholisi nari borsa xususiy kutubxonalardagi ozgina ma’lumotlar bilan kifoyalanishi mumkin edi. Bugun hatto Yerning olis burchaklarida ham mobil internetga ulargan smartfonlar bor, birgina «Vikipediya»ning o‘zini o‘qib chiqishga esa insonning ikkita umri ham yetmaydi. Axborot haddan ziyod ko‘p, uni kallada saqlashga ham ehtiyoj yo‘q. Xararining fikricha, muhimi «axborotni tushuna olish, keraklisini keraksizidan ajrata bilish, eng asosiysi esa – uzuq-yuluq axborot parchalaridan dunyoning yaxlit manzarasini yarata olishdir».

Dasturlashni o‘rganish ham shart emas

Ko‘pchilikka dasturlash va chet tillarni bilishga har doim talab bo‘ladigandek tuyuladi. Xarari esa bu yil tug‘ilgan chaqaloqlar o‘ttiz yoshda bo‘ladigan 2050 yilga borib ehtimol bunday ko‘nikmalarga ega bo‘lishga mutlaqo zarurat qolmas deb hisoblaydi. Dasturlashni va tildan tilga tarjima qilishni sun’iy intellekt amalga oshiradi, biz, deylik, xitoycha gapirishimiz uchun esa birgina ilovani o‘zi yetarli bo‘ladi. Xararining fikricha, texnik mahorat o‘rniga hayotiy ko‘nikmalar, birinchi galda «o‘zgarishlarga moslasha olish, yangi narsalarni o‘rganish, kutilmagan vaziyatlarda sovuqqonlikni saqlab qola olish qobiliyati» kerak bo‘ladi. Tarixchining yozishicha, «2050 yilda zamondan ortda qolib ketmaslik uchun shunchaki yangi g‘oya va mahsulotlar taqdim etish emas, avvalo o‘zini o‘zi doimiy yangilab borish» talab qilinadi.

Har 10 yilda karerani noldan boshlashga o‘rganish lozim

Xararining taxmin qilishicha, 30 yildan keyin dunyoning o‘zgaruvchanligi haddan ortiq kuchayadi. Masalan, sun’iy intellektning rivojlanishi va mashinalashgan ta’limning (inglizcha machine learning, ML) keng ko‘lamda joriy etilishi har 10 yilda mehnat bozorini keskin o‘zgartirib yuboradi. Aytaylik, dronlar sohasidagi yangi texnologiyalar uchuvchini ishsiz qoldiradi, lekin u qayta o‘qib, dronlar paydo bo‘lishi bilan yaratilgan yangi ish joyiga, uchuvchisiz qurilmalar operatorlari jamoasiga ishga boradi. Lekin tez orada bu ish ham avtomatlashtiriladi va uning butunlay boshqa sohadan ish qidirishiga to‘g‘ri keladi. O‘rtacha umr uzaygani bois inson 50 yoshida o‘zining uchinchi karerasini nuldan boshlashi odatiy holga aylanadi.

Umuman olganda, doimiy beqarorlik sharoitida yashashga o‘rganish kerak bo‘ladi

2019 yilning nari-berisida tug‘ilgan odamlarning hayoti biznikidan ham qizg‘in bo‘ladi. Birinchidan, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlardan chetda qolib ketmaslik uchun doimo o‘zini taftish qilib, isloh qilib turishiga to‘g‘ri keladi. Bu nafaqat kasb yo hunarga, siyosiy qarashlar, estetika va hatta genderga ham taalluqli. Ikkinchidan, u paytda inson ellikka kirsa ham hali yosh hisoblanadi. Biologik odatga ko‘ra bu yoshda ko‘plar hayoti bir maromda kechishini, barqarorlikni istab qoladi, lekin bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Doimo o‘zgarib turadigan voqelik kuchli stressni keltirib chiqaradi, yosh o‘tgan sayin uni yengish qiyinlashib boraveradi.

Kattalarga quloq solish – yaxshi maslahat emas

Xararining yozishicha, ilgarilari kattalarning gapiga kirish va ularning tajribasiga tayanishning uncha zarari bo‘lmagan. Ertan nima bo‘lishini taxmin qilish mumkin bo‘lgan: 1019 yilgi Xitoyda o‘ttiz yildan so‘ng qaysi sulola hukmronlik qilishini hamma ham bilmagan, biroq qizlar itoatgo‘y xotin, oqsuyaklarning o‘g‘illari esa jangchi va xattot bo‘lishi kerakligiga hech kim shubha qilmagan. Hozir unday emas. Dunyo tezlik bilan o‘zgarayapti va keyingi avlod ulg‘ayguncha kattalarning bilimlari o‘z dolzarbligini yo‘qotmoqda. «Kattalar bolalarga yomonlik tilamaydi, – deb yozadi Xarari. – Lekin XXI asrda ular bolalarga eskirgan bilimlarni berib, eskirgan tajribalarni o‘rgatishining ehtimoli katta».

Hatto odam o‘ziga ham quloq solmagan ma’qul

Keyingi avlod hatto o‘zining ichki ovoziga ham ishonmasligi lozim. Xararining fikricha, hozirning o‘zidayoq marketologlarning texnologiyalar yordamida bizning tuyg‘ularimizni manipulyasiya qilishi ancha oson bo‘lib qoldi. 2050 yilga borib esa kishining o‘z maqsadini tashqaridan tiqishtirilgan maqsaddan ajratishi juda qiyin bo‘lib qoladi. Shuning uchun bolalarni tanqidiy fikrlashga o‘rgatish kerak. Qancha erta o‘rgatsangiz shuncha yaxshi. «Agar siz o‘z hayotingiz va dunyoning ertasi ustidan nazoratni qisman bo‘lsa ham saqlab qolishni xohlasangiz, algoritmlardan, «Amazon»dan va davlatdan tezroq yugurishingiz va ulardan oldinroq o‘zligingizni anglashingiz shart. Shu bois yukingiz yengil bo‘lgani ma’qul», – deb yozadi Xarari.

Xararining fikricha, 30 yildan so‘ng originallik yangi normaga, tafakkurning uchqurligi esa eng muhim ko‘nikmaga aylanadi. Taraqqiyot nihoyatda tezlashganidan har qanday tajriba o‘z qimmatini yo‘qotadi. Barcha bilim va ko‘nikmalarning eskirishiga va shu zahoti yangilarini o‘zlashtirishga tayyor turishga to‘g‘ri keladi. Mutlaqo notanish muhitda ijodiy fikrlashga qobillikkina ahamiyatga ega bo‘ladi. Xarari qanday qilib degan savolga javob bermagan. «Kitob o‘qib yo ma’ruza tinglab tez fikrlashni o‘rganishning imkoni yo‘q. O‘qituvchilarda XXI asrda kerak bo‘lgan tezlik yetishmaydi, chunki ularning o‘zi eski ta’lim tizimidan chiqqan», – deb yozadi tarixchi.

minbar

Free WordPress Themes