Xalq ta'limi vaziri: Lotin alifbosini isloh qilishning keragi yo‘q - Dono.uz

Xalq ta’limi vaziri: Lotin alifbosini isloh qilishning keragi yo‘q

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov jurnalist Kirill Altmanga bergan intervyusida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish borasida fikr bildirdi.

«To‘g‘risini aytganda, men bunga qarshiman. Lotin alifbosini isloh qilishning keragi yo‘q. Bizning lotin yozuviga to‘liq o‘tmaganligimiz uning mukammal emasligidanmas. Agar istasak shundoq ham o‘tishimiz mumkin edi. Hattoki qandaydir ekspertlar taklif qilayotgan bir nechta belgini qabul qilgan taqdirimizda ham lotin alifbosiga to‘liq o‘tishimizga kafolat yo‘q. Ammo mana shu bir nechta belgini qabul qilish barcha darsliklarni boshqatdan nashr qilishga olib keladi. Bu — milliardlar degani. Va biz yana bir necha avlodni yo‘qotamiz.

Men «aytichi» (IT) sifatida ortiqcha harflarga qarshiman. Ya’ni, standart inglizcha klaviatura bor. Mana shu klaviatura doirasida ishlash kerak. Agar juda sodda qilib aytadigan bo‘lsak. Tamom. Bizda esa albatta turkcha belgilar, yana nimadir qo‘shishadi. Buning nima keragi bor?», deydi vazir.

Bundan avvalroq Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida ish olib borgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha ishchi guruhning xulosalari taqdim etilgan, unga ko‘ra 4ta harf (Oʻ, Gʻ, Ch va Sh) o‘zgargan, bitta harfdan (ng) voz kechilgandi.

Free WordPress Themes