3D-printerlari va robotlar endi O’zbekistonda ishlab chiqarilmoqda

Toshkentdagi «Yashnobod» texnoparkida 3D-printerlar va robotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi.

So’nggi yillarda fan-texnika jadal rivojlanib, shunday ixtirolar, innovatsion ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar yaratildiki, ular hayotimizdan chuqur o’rin olib, yashash sifatini butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Zamonaviy texnologiyalar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Binobarin, avvallari xayolimizga ham kelmagan narsalar bugun haqiqatga aylanib, jamiyatimizning barcha jabhasida rivojlanishga yo’l ochmoqda.
Uzoqqa borishning hojati yo’q. 1961 yili 12 aprel kuni Yuriy Gagarin fazoga uchgan edi. Bu insoniyat tarixida misli ko’rilmagan voqea bo’lgandi o’shanda. Bugun esa xalqaro kosmik kemada fazogirlar jamoasi navbatma-navbat koinotga safar uyushtirishi oddiy holga aylanib ulgurdi. To’g’ri, ularning ismini hamma ham yoddan aytib bera olmasligi mumkin, biroq asosiysi, fazoni o’zlashtirishda yangidan-yangi yutuqlar qo’lga kiritilmoqda.
Sir emas, hozir hayotimizni muntazam ravishda takomillashtirib borilayotgan kompyuter va internetsiz tasavvur etish mushkul. Yaqin-yaqingacha odamlar ishxonada zamonaviy kompyuterlarda ishlashni orzu qilgan bo’lsa, ayni paytda noutbuklar, netbuklar, planshetlar va “gadjet”lar deb ataladigan boshqa qurilmalar bugun nafaqat ofislar, balki har bir xonadondan munosib joy egallamoqda.

Hozirgi davr odamlari kompyuterlaru noutbuklarga, smartfonlarga bog’lanib qolgan. Chunki ushbu qurilmalar shunchaki muloqot vositasi emas, balki ko’p qirrali vazifalarni bajarmoqda. Ular orqali qo’ng’iroq qilish, xabar yoki rasm yuborish-qabul qilish, onlayn xaridni amalga oshirish, yangiliklar bilan tanishish, kerakli ma’lumotlarni olish, foto yoki video olish, tomosha qilish, musiqa eshitish, turli o’yinlarni o’ynash mumkin.
Bugungi kunda dunyoda shunday ixtirolar borki, ular hali ham hayotga keng tatbiq etilmagan bo’lsa-da, bir kun kelib, smartfonlar hamda kompyuterlar singari odamlar turmushining ajralmas qismiga aylanib ketmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Ana shunday kashfiyotlardan biri shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida bot-bot tilga olinayotgan 3D-printerlardir.

Gap shundaki, bizda “Printerlar faqatgina matn va suratni chop qiladi xolos”, degan fikr shakllanib qolgan. Ammo mutaxassislarning aytishicha, printerlarning imkoniyatlari juda keng bo’lib, yaqin kelajakda mazkur texnologiya jamiyat hayotining barcha jabhasida qo’llaniladi.
Uning afzalligi shundaki, zarur materiallar hamda dasturiy ta’minot yordamida uy qurish, protez va implantatlar tayyorlash, qimmatbaho esdalik buyumlar, taqinchoqlar ishlab chiqarish mumkin. Masalan, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Niderlandiyada ushbu yo’nalishda amaliy natijalarga erishilgan. Ya’ni 3D-printerlar turarjoylar hamda ularning qismlarini — konstruktsiyalari, ichki devorlari, turli shakldagi himoya to’siqlarini hech qanday qoliplarsiz “chop etmoqda”. Xususan, Xitoyda uzunligi 150 metr, kengligi 10 metr bo’lgan 3D-printer yaratildi. Ushbu qurilma bir necha soat ichida balandligi olti metr bo’lgan binoni “barpo qilishi mumkin”. Bunda u “siyoh” o’rnida kuchaytirilgan shisha tolali tsementdan foydalanadi. Shunday bo’lsa-da, hozircha bu usulda yirik inshootlarni qurish sinov tariqasida olib borilmoqda. Landshaft dizayni va aholi punktlarini obodonlashtirish uchun kichik arxitektura shakllarini tayyorlashda 3D-printerlar imkoniyatidan tobora jadal foydalanilyapti.

Tibbiyotda 3D-printerlarni qo’llash istiqbollari ham juda katta. Misol uchun, bunday yo’sinda tayyorlanadigan protezlar bemor tanasining ilg’ash qiyin bo’lgan individual jihatlarini ham hisobga olish imkonini beradi. Stomatologiyada vaqtinchalik tish qoplamasi yoki jag’ implantatlarini yaratishda 3D-printerlardan keng foydalanilmoqda. Tibbiyotning boshqa sohalarida ham ushbu qurilmani qo’llash bo’yicha izlanishlar olib borilayotir. Mutaxassislarning bildirishicha, kelajakda inson organlarini “chop etish” imkoniyatlari ham yo’q emas.
3D-printerlarga kichik biznes katta qiziqish bildirayotgani diqqatga sazovor. Deylik, mazkur qurilma yordamida har qanday uch hajmli suratlarni aynan o’zidek ko’paytirish mumkin. Mashhur futbolchilar, kino yulduzlari, multfilmlar qahramonlarining shaklini yasash orqali marketing loyihalarini ro’yobga chiqarish imkoniyati bor. Qurilma yordamida esdalik uchun o’zi, yaqinlarining qiyofalarini shakllantirsa bo’ladi. Ushbu texnologiyaga, ayniqsa, original va noyob taqinchoqlar hamda aksessuar ishlab chiqaruvchilar katta qiziqish bilan qarayapti. Qayd etish kerakki, eng so’nggi rusumdagi 3D-printerlar “siyoh” sifatida nafaqat plastik materialni, ayni paytda oltin, kumush va platinalarni ham ishlata oladi. Buyurtmachi esa taqinchoqning shakli va usulini ta’biga qarab tanlashi mumkin.
Bugun 3D-printerlarni qo’llash sohasi hamda ko’lami tobora kengayib bormoqda. Bunda zamondan ortda qolib ketmaslik lozim. Toshkentdagi «Yashnobod» texnoparkida 3D-printerlar va robotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi.

“Yashnobod” innovatsion texnoparki direktori Farhod Jumaevning so’zlariga ko’ra, ayni paytda odamlarga navigatsiya bilan yordam beruvchi, savollarga javob beruvchi, promo-materiallarni translyatsiya qiluvchi va o’zi muloqot qilgan odamlarning hammasini eslab qoluvchi “Adbot” roboti hozircha faqat eksport uchun chiqarilmoqda. Ammo mamlakatdagi banklardan biri bunday robotni buyurtma qilgan, ayni paytda u yig’ish bosqichida.

Yana bir qiziqarli loyiha — O’zbekiston bozori uchun yangilik bo’lgan 3D-printerlar ishlab chiqarishdir. Green Code kompaniyasi qariyb yarim yildan buyon ichki bozor uchun 3D-printerlarni ishlab chiqarmoqda.

Haqiqatan, kecha tasavvurga sig’magan narsalar bugun haqiqatga aylanmoqda. Innovatsion ishlanmalar va ilg’or texnologiyalarni yaratish hamda hayotimizning barcha jabhasiga joriy qilish davlatimiz siyosati darajasiga ko’tarilgani ham bejiz emas.

Ulashing | Поделись этим: