Bugun yoshlarimiz oʻrtasida internetdan foydalanish madaniyati qay holda? - Dono.uz

Bugun yoshlarimiz oʻrtasida internetdan foydalanish madaniyati qay holda?

Bugun yoshlarimiz oʻrtasida internetdan foydalanish madaniyati qay holda? Mamlakatimizda bolalar va oʻsmirlarga internetdan foydalanishni oʻrgatish boʻyicha qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha ilgari surgan beshta muhim tashabbusi, jumladan, aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish borasida qoʻyilgan vazifalar ijrosi ushbu sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish boʻyicha amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirishni talab etadi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda sohaga tegishli bir qator amaliy tadqiqotlarni amalga oshirdi.
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi “Bolalarni ularning sogʻligʻi va axloqiga zarar yetkazuvchi maʼlumotlardan himoya qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalalari” mavzuida ilmiy-amaliy tadqiqot oʻtkazdi. Unda oʻsmir yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan yoʻnalishlar boʻyicha muhokamalar olib borildi.
Jumladan, bolalarni ularning sogʻligʻi va axloqiga zarar yetkazuvchi maʼlumotlardan himoya qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish mexanizmlarini yaratish, bolalar ongiga gʻayriqonuniy axborot-ruhiy taʼsir koʻrsatilishi, ularni gʻayriijtimoiy harakatlarga undovchi axborotlardan himoya qilishga qaratilgan dasturiy va texnika vositalarini qoʻllashni joriy etish, internet va mobil aloqa vositalaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish, internet va internet-oʻyinlariga tobe boʻlib qolishi va noqonuniy xatti-harakatlar sodir etishining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan zararli axborotlardan ogoh etishda jamoat tashkilotlari va fuqarolar ishtirokini taʼminlash, ommaviy targʻibot ishlarini amalga oshirish kabi amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Endilikda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan birgalikda oʻtkaziladigan ilmiy tadqiqotlar dasturi asosida “Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi va ularda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish muammolari” mavzuida kompleks sotsiologik tadqiqot oʻtkazmoqda.
Tadqiqot jarayonida mavzuga oid xorijiy va mahalliy tajribani oʻrganish, nazariy maʼlumotlarni toʻplash, mamlakatimizning turli hududlarida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish va tadqiqot natijalari boʻyicha tegishli tavsiyalar tayyorlash hamda yoshlar bilan ish olib boruvchi mutaxassislar uchun “Axborotlashgan jamiyatda yoshlarni axborot isteʼmol madaniyatini oshirish” nomli qoʻllanma tayyorlash, elektron kitob variantini yaratish rejalashtirilgan.

Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA

Free WordPress Themes