“X”, “Y”, “Z” avlodlar nazariyasini nega oʻrganishimiz kerak?

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda lugʻatimizga yangidan-yangi ibora va jumlalar kirib kela boshladi. Shulardan biri — avlodlar nazariyasi tushunchasidir.

Bilamiz, har bir avlodning oʻziga xos dunyoqarashi, hayotga munosabati, vazifasi va taqdiri bor. Ularning bu oʻziga xosliklari oila, ijtimoiy hayot, dunyoqarash va kasb kabi turli omillar evaziga shakllanadi. Xoʻsh, avlodlar nazariyasini oʻrganish bizga nima beradi?

Rossiyalik bir guruh olimlar xulosasiga koʻra, oxirgi ikki asr avlodini besh toifaga boʻlish mumkin. Birinchisi, 1923—1943-yillarda tugʻilgan “unsiz avlod”. Ularni qish fasliga ham qiyoslashadi. Ular urush davrida tugʻilib, barcha qirgʻinbarotlar, iqtisodiy tanglik, yaqinlaridan judolik va ommaviy qatagʻonni koʻrgan. Bu avlodning maqsadi omon qolish boʻlgan, ular bir kun kelib hammasi izga tushib ketishiga umid qilib yashagan. Shuning uchun ham ularni qish fasliga qiyoslashgan. Chunki qishda sokinlik hukmron boʻladi va insonlar qahratondan keyin, albatta, bahor kelishiga ishonishgan.

Keyingi avlod 1943—1963-yillarda tugʻilganlarni oʻz ichiga oluvchi “bebi-bumerlar”, yaʼni ularning ota-onalari oilada imkon qadar koʻproq farzand koʻrishga intilishgan. Bu avlod yashagan davrda insonlarning turmush tarzi oʻnglana, gʻoyalar, qarashlar oʻzgara boshlagan. Ular bu davrda fazoni zabt etgan va shu kabi ixtirolarga hayrat bilan qaragan. Shuning uchun ham bu avlod vakillarida gʻoliblik ruhi ustun turadi. Optimizm va jamoaviy ruh ular uchun juda muhim sanaladi.

SIYOSATGA QIZIQUVCHI AVLOD

Endi biz chuqurroq tahlil qilmoqchi boʻlgan asosiy uch avlodning oʻziga xos xususiyatlariga oʻtsak. X deya nomlangan avlod vakillarining tugʻilish davri 1963—1986-yillarga toʻgʻri keladi. Ularni yoz fasliga qiyos etishadi. Amerikaning “Pew” tadqiqot markazi mutaxassislari esa bu avlod davrini 13 yil deb belgilagan. Yaʼni 1965—1979-yillar oraligʻida tugʻilgan X avlod haqida hattoki unutilgan “oʻrta bola” degan fikr ham ilgari suriladi. Ularning fikricha, bu davrda tugʻilish darajasi past boʻlgan. Lekin bugun boshqaruv rolida boʻlgan “bebi-bumer”lar yaqin yillarda oʻz oʻrnini Xchilarga boʻshatib beradi va ular kasbiy oʻsishning yuqori nuqtasiga chiqadi.

— Avlodlar nazariyasiga koʻra, har bir avlod, yaʼni X,Y va Z avlodlar

oʻziga xos xususiyatga ega, — deydi OʻzDJTU dotsenti, filologiya boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD) Beruniy Alimov. — Masalan, X avlodni koʻproq koʻchmanchilar deyishadi. Chunki aynan ular ishtirokida dunyo boʻylab migratsiya jarayonlari bir necha barobar ortgani kuzatiladi. Siyosiy jihatdan oʻz qarashlariga ega, jamoaviy qadriyatlar ular uchun juda muhim. Musiqani ular shunchaki madaniyat emas, balki “pop-kultura” sifatida qadrlashadi. Eng muhimi, ular ishga va oilaga jiddiy eʼtibor qaratishadi. X avlod siyosiy axborotlarni har tomonlama yaxshi koʻradi. Kundalik xalqaro hayotga va mamlakatda olib borilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlarga tegishli boʻlgan xabarlar ularni koʻproq qiziqadi.

OʻZGARISHLARDAN QOCHMAYDIGAN AVLOD

Kuz fasliga qiyoslanadigan Y avlod 1986—2003-yillarni oʻz ichiga oladi. Baʼzi manbalarda bu avlodga 1980—2000-yillar oraligʻida tugʻilganlar kiritiladi. Ular global inqirozdan oldin tugʻilgan va hayotdagi har qanday yangiliklar, oʻzgarishlarni xush koʻrib, turmush tarzini oʻzgartirish toʻgʻrisida bosh qotiruvchilardir. Ular iqlim oʻzgarishlariga befarq emas. Qaysi tashkilotda ishlamasin, oʻsha yerga yangi ruh olib kirishga harakat qiladi. Eng muhim jihati, ularga imkoniyat va yoʻnalish berib turilsa, kifoya. Mol-dunyoga unchalik oʻch emas. Sotib olingan qimmat gilamni oldingilardek devorga osib qoʻymaydi.

Beruniy Sultonovich ALIMOV
Bloger, tarjimon, sobiq diplomat, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD

— Y avlod oʻzgarishlar tarafdori, — deydi Beruniy Alimov. — Ular uchun gʻalaba juda muhim. Biror narsani oldiga aniq maqsad qilib, unga erishmaguncha qoʻyishmaydi. Ular axborot texnologiyalariga qiziqishi bilan ham boshqalardan ajralib turadilar. Turli yangi sohalarda oʻzlarini sinab koʻrishdan tortinmaydi. Tavakkalchilik ularda kuchli. Yaʼni oʻzidan oldingi avlod kabi “daraxt bitta joyda koʻkaradi”, deb emas, balki oʻzini har xil yangi kasblarda sinab koʻrishni odat qilgan. Hayotda oʻzgarishlarga har doim tayyor turadi. Y avlodni bugungi jamiyatda sodir boʻlayotgan oddiy, kundalik, bir qarashda joʻn oʻzgarishlar koʻproq qiziqtiradi va ana shu oʻzgarishlarning insonlar hayotidagi aksini koʻrishni xohlashadi. Shu jihatdan ular oʻzlari qidirayotgan axborot ichidan hayotni qanday oʻzgartirish, bugungi turmush tarzini qanday qilib yana-da takomillashtirish mumkin, degan masalalarga taalluqli boʻlgan axborotlarga koʻproq ahamiyat berishadi. Ular yana siyosiy va madaniy hayotdagi voqealiklardan tashqari, sof, “suvsiz” yoki “hazmi oson” yangilik janrlariga koʻproq qiziqadi. Yirik, tahliliy maqolalarni oʻqimaydi, asosan, induvidual tarzda oʻzi uchun qiziq boʻlgan har qanday axborotni qidiradi va uni albatta topadi, oʻqiydi.

AXBOROT UMMONIGA GʻARQ BOʻLGAN AVLOD

Baʼzi manbalarda 2003—2024-yillar oraligʻida, ayrim tadqiqot natijalarida esa 1995-yildan keyin tugʻilganlar deb hisoblanadigan Z avlod qish fasliga qiyoslanadi. Bu davr tugagani yoʻq va shuning uchun tugal xulosa chiqarish qiyin. Lekin, shunisi aniqki, bu avlod qadriyatlarining shakllanishi qattiq siyosiy kurashlar, hududlarni qayta boʻlib olish mashmashalari davom etayotgan hamda axborot urushi davriga toʻgʻri kelmoqda.

Mutaxassislar bu avlod vakillarining mamlakatlar iqtisodiyotini yana-da koʻtarish va umuman kutilmagan, olamshumul oʻzgarish qilishlariga ishonishmoqda. Chunki indigo bolalar, gʻayrioddiy iqtidorli, maxsus falsafiy dunyoqarashga ega, ijodkor va “qoʻlida gadjetlar bilan tugʻilgan”lar aynan Z avloga mansubdir.

— Bugungi kunda axborot oqimining kuchayishi va uni olishdagi imkoniyatlarning kengayishi natijasida Z avlod vakillari biror kasbni egallash yoki biror ishni boshlashdan oldin “Bu oʻzidan avvalgi davrda qanday boʻlgan va hozirgi vaqtda qanday samara beryapti”, degan savolni oʻrtaga qoʻyib, taqqoslaydi, — deydi Yoshlarga ijtimoiy psixologik xizmat koʻrsatish markazi psixologi Gulbahor Yusupova. — Ana undan keyin xulosa chiqaradi. Bir tomondan, bu yaxshi. Lekin, ikkinchi tomondan, ular juda katta axborot oqimi ichida qolib ketyapti. Bu avlod vakillari orasida mustaqil boʻlishga intilish yoshi tobora yosharib bormoqda. Bundan bir necha yil avval bolalar oʻsmirlikka qadam qoʻyganida, yaʼni 12-15 yoshlar oraligʻida mustaqil boʻlishga intilar edi. Bugungi kunda esa ayrim yoshlarning hatto oʻsmirlik davriga oʻtmasidan avval ham oʻzini induvidual shaxs sifatida tan olishlarini istaydiganlari koʻzga tashlanmoqda. Bu avlodga xos yana bir xususiyat ularda atrofdagilarga nisbatan shaxsiy fikr va tashxisning borligidir. Ular tez hazm boʻladigan qisqa, loʻnda, tushunarli axborotlarni isteʼmol qiladi. Bu avlod vakillariga axborotni publitsistik-ommabop va soʻzlashuv uslubida yetkazish maqsadga muvofiqdir.

Psixolog Gulbahor Yusupova fikricha, bugungi yosh avlodga doʻstona uslubda muloqot qilgan yaxshiroq. Ana shundagina ular bilan til topishish va ularni ishontirish osonroq boʻladi.

MATN OʻQISHGA ERINADI

— Z, yaʼni bugungi yosh avlod alohida auditoriya hisoblanadi. Biz ularni axborot ummoniga gʻarq boʻlgan yoki yangiliklar toʻfonida qolib ketgan, deb oʻylaymiz, — deydi Beruniy Alimov. — Vaholanki, yosh avlod faqat oʻziga kerakli boʻlgan axborotni, xususan, qisqa hajmdagi matnlarni oʻqiydi. Tahliliy materiallarga eʼtibor bermaydi. Nima uchun? Sababi, ular har sohadan bir shingil yangilik topishni istashadi. Chunki ularda “qisqa oʻylash” (inglizcha “clip thinking”, ruschada “klipovoye mыshleniye”) juda yaxshi shakllangan. Bitta axborot mavzusiga chuqur kirib borishga yoki bir mavzuga atroflicha tahliliy yondashilgan materialni oʻqib oʻtirishga ularda vaqt ham, imkoniyat ham chegaralangan. Shundan kelib chiqib, ular biror masalaga jiddiy va chuqurroq kirishishga oʻzlarida sabr-toqat topa olmaydi. Masalan, agar videosyujet boʻladigan boʻlsa, undagi 1-2 daqiqalik axborotni yaxshi koʻrib, tomosha qiladi. Ular uchun matnli yangilikka nisbatan videoyangiliklar koʻproq qiziq. Shu sababli media mutaxassislar prognoziga koʻra, keyingi 2 yil ichida mediamakondagi yangiliklar kontentining 80-82 foizini aynan videomateriallar egallaydi. Yaʼni zamonaviy oʻquvchi quruq matn bilan qoniqmaydi, ularning ishonchi va eʼtiborini qozonish uchun ularga koʻproq foto va videomateriallardan iborat vizual axborotlarni berish talab etiladi.

AVLODLAR NAZARIYASI BILAN TANISHISH BIZGA NIMA BERADI?

Mutaxassislarning fikrlari hamda xorij olimlari nazariyalarini koʻrib chiqdik. Endi sizga bir esperimentni taklif qilaman. Z avlod davrida tugʻilgan farzandingizga ertak aytib koʻring. Ertak uzunroq boʻlsin. Keyin bolangizni zimdan kuzating: u sizni diqqat bilan eshityaptimi? Voqealar bayonining qaysi qismi uning eʼtiborini tortdi?

Aytishlaricha, bugungi kun bolasini ertaklarning faqatgina kulminatsion nuqtasigina qiziqtiradi. Yaʼni “Qizil shapkacha” haqidagi ertakning jujuqlarimiz uchun boʻri qizaloqning buvisini yeb qoʻygan joyigina qiziq boʻladi.

Biz nega avlodlar nazariyasini oʻrganishimiz kerak? Avvalo, oʻzaro munosabatlarda bu asqatadi. Siz yoshi kattalarga boshqacha, yoshlarga oʻzigagina xos uslubda muomala qilishni boshlaysiz. Qolaversa, axborot yetkazishda uning isteʼmolchilarini oʻrganish bugungi kunning talabidir.

Avlodlar nazariyasini oʻrganish bozor iqtisodiyotini shakllantirishda marketologlar faoliyatini yaxshilashda, sotsiologlarning ijtimoiy qatlamlarni oʻrganishdagi tadqiqotlarini jonlantirishda va, albatta, axborot uzatuvchilar, yaʼni OAV vakillarini oʻz auditoriyalarini yaqinroq oʻrganish hamda ularga kerakli va qiziqarli boʻlgan axborotni tayyorlab uzatishda katta foyda beradi.

Sohiba MULLAYEVA,

jurnalist

Ulashing | Поделись этим: