Sharof Boshbekov: “Lotin alifbosiga o‘tish masalasini zudlik bilan hal qilish kerak” - Dono.uz

Sharof Boshbekov: “Lotin alifbosiga o‘tish masalasini zudlik bilan hal qilish kerak”

So‘nggi vaqtlarda ko‘chalardagi ayrim maishiy reklamalar, peshlavhalarga ko‘zimiz tushganida ajablanmay qo‘ydik. Xatolarga, ajnabiy so‘zlarga ko‘z yumadigan bo‘ldik. Oxir-oqibatda qayerdasan, degan savolga “EVOS”daman, “UNIFORMA” magazinidaman” deb javob beradigan bo‘ldik.

Savodsizlik, ajnabiy so‘zlarning ko‘payib ketishining asl sabablari va “Davlat tili haqida”gi qonun amalda ishlamayotgani haqida dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharof BOShBEKOV O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi:

– Vatanparvarlik ona tiliga munosabatdan boshlanadi. Ko‘chadagi ajnabiy yozuvlar, imloviy xatolar keyingi masala. Avvalo, “o‘z tomorqamiz”dagi ahvolni tartibga solib olishimiz kerak. Tilshunoslik, adabiyotshunoslikka oid atamalar, masalan, morfologiya, sintaksis, syujet, drama, ocherk, kompozitsiya, antonim, sinonim va boshqalar rus tilida qanday bo‘lsa, o‘zbek tiliga ham shunday ko‘chirilgan. O‘sha paytdagi “umurtqasiz” olim-tilshunoslarimiz bu atamalarning o‘zbekcha muqobili haqida o‘ylab ham o‘tirmagan. Vaholanki, yaxshilab fikr qilinsa, bu so‘zlarni bemalol o‘zbekchaga ag‘darish mumkin: masalan, sinonim – ma’nodosh so‘zlar, antonim – zid so‘zlar va hokazo.

Lekin ota-bobolarimiz ishlatmagan, texnik taraqqiyot natijasida keyinchalik kirib kelgan so‘zlar – aeroport, samolyot, vokzal, vagon, parovoz, velosiped, kupe kabi so‘zlarni shundayligicha qoldirgan ma’qul.

Yurtimizda qancha gazeta, jurnal lotin alifbosida nashr qilinayapti?

“Maʼrifat”, “Tong yulduzi” gazetalari, “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallari kabi sanoqli bosma nashrlar lotin alifbosida nashr etiladi. Demak, mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan bexabar yoshlarning yaqinda, 2 sentyabr kuni, to‘rtinchi avlodi maktab ostonasiga qadam qo‘yadi. Gazeta o‘qimaydiganlar avlodi. Dunyo bexabarlar avlodi. Bu sho‘rliklar tag‘in kirillni o‘rganmoqqa majbur bo‘lmoqda yoki “onang bozor, otang bozor” deganday savdoga o‘tib ketib, bola-chaqa boqmoqda.

Til haqidagi qonunda ko‘rsatilgandek, lotin alifbosiga o‘tish masalasi achchiq ichakday cho‘zilib yotibdi. Bunga kim aybdor? O‘tgan asrning 80-yillarini eslaysizmi? O‘zbek tilini davlat tili, deb e’lon qilish tarafdorlari bilan “qo‘shtillilik”ni yoqlab chiqqanlar o‘rtasida ayovsiz muhoraba kechayotgan payt. Oxir-oqibat “qo‘shtillilik” tarafdorlari sharmandalarcha mag‘lub bo‘lib, tarixiy adolat qaror topdi. “Yiqilgan kurashga to‘ymas” deganlaridek, qarshi tomon vaqti-vaqti bilan bosh ko‘tarib turibdi. Ular unutgani yo‘q. “Xo‘p, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi ham berildi, oqibat nima bo‘ldi? Battar bo‘linglar!” deb ustimizdan kulayapti. Bu alamzada kuchlarning ildizi nihoyatda baquvvat, davlatning ichki va tashqi siyosatini o‘zlari istagan tomonga burib yubormoqchi bo‘ladilar hatto.

Butun jamiyat hukumatimiz rahbariyatidan keskin choralar ko‘rishini kutayapti. Lotin alifbosiga butunlay o‘tish katta xarajatlar bilan bog‘liq yumush, deydiganlar bor. Lekin zamon o‘zgardi. Hozir ilgaridagiday bittalab qo‘lda qo‘rg‘oshin harflar terish shart emas, hammasi kompyuterlashgan. Nashriyotga quchoq-quchoq qo‘lyozmalar topshirishga ham hojat yo‘q, asaringizning hajmi qancha bo‘lishidan qat’i nazar, uyingizda o‘tirib, nashriyotning elektron pochtasiga jo‘natasiz – bo‘ldi. Faqat lotin alifbosining (qayta ishlangan muqobili) kompyuter uchun moslashtirilgan dasturi kerak bo‘ladi, xolos. Uch oymi, bir yilmi, aniq muhlat berilishi lozim. Shundan keyin kirill alifbosi qonundan tashqari, deb e’lon qilinmog‘i kerak. Barcha gazeta-jurnal tahririyatlari, nashriyotlar, idoralar, hukumat hujjatlari, xo‘jalik sub’ektlarida ish yuritish lotin alifbosida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilishi lozim.

Mamlakatimizda savodxonlik masalasini qoniqarli, deb hisoblash mumkinmi? Rossiyada “rus tilini himoya qilish” jamiyati bor. O‘z-o‘zidan nimadan himoya qilish kerak, degan savol tug‘iladi. Ajnabiy so‘zlardan. Menimcha biz “himoya qilish”ga kechikdik, endi o‘zbek tilini “qutqarish” jamiyati tuzish kerak bo‘lib qoldi, chamamda. Bechora tilimiz chet el so‘zlari botqog‘ida cho‘kib bo‘ldi. Faqat qulog‘i ko‘rinib turibdi, xolos. Zudlik bilan chora ko‘rilmasa, qulog‘i ham ko‘rinmay ketadi.

Yana bir masala – ommaviy savodsizlik. Men taxminan o‘n ming odamni tanisam, shundan nari borsa, 20 odamni savodli, deb bilaman. (O‘zimni ham bu ro‘yxatdan tashqarida, deb hisoblayman.) Bular kimlar? Butun umr gazeta-jurnal tahririyatlarida, nashriyotlarda qog‘ozning changini yutib ishlaganlar. (Vahob Ro‘zmatov, Mahmud Sa’diy kabi.) Qassob, mexanizator, sotuvchi, uy bekasining savodi haqida gapirmayapman, ziyoli – ijodkorlar, olimlar, yozuvchi-shoirlar, mamlakatimiz ilg‘or oydinlari haqida so‘z boryapti. Istalgan kasbdagi istalgan odamga matn berib ko‘ring – o‘qiyolmaydi. Yozishni-ku qo‘yavering. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Kollejni bitirib chiqqan bolalar ishga kirish uchun ariza yozisholmaydi” deganida naqadar haq edi. Barcha rus maktablarida o‘zbek tili darsi o‘tiladi. Lekin bironta rus o‘quvchisi o‘zbekcha bilmaydi (agar uning millati o‘zbek bo‘lmasa). Demak, tilni kitobdan o‘rganib bo‘lmas ekan. Demak, darslikning o‘zi chatoq. Buning sababini qidiraman. Xayol uzoq-uzoq yillar oldinga yetaklaydi… Oktyabr to‘ntarishi…

Savodsizlikni tugatish yillari… Kollektivlashtirish… Chelyabinskning bir olis qishlog‘ida dars qanday o‘tilsa, Chinozdagi qishloqda ham shu tarzda, shu uslubda o‘tiladi: o‘qituvchi sinfga kiradi, salomlashadi, yo‘qlama qiladi, bir-ikki boladan o‘tgan darsni so‘raydi-da, yangi dars boshlaydi. Arab, yapon, koreys, nemis maktablarida qanday dars o‘tiladi – hech kim qiziqmaydi ham.

Men “Shifo-info” nomli tibbiy gazetaga rahbarlik qilaman. Universitetning filologiya yoki jurnalistika bo‘limini bitirgan yigit-qizlar bizga ish qidirib keladi. Diktant yozdirib ko‘raman. Matnni shunday tuzamanki, orasida “Prezident” degan so‘z albatta bo‘ladi. Ishonasizmi, talabgorlarning 96 foizi shu so‘zni xato yozadi. Yordamchilarimga: “Prezident” so‘zini bexato yozganini ishga qabul qilaveringlar, qolgani bundan ham battar” deyman. Uyat emasmi? Dars berayotgan domlalariga uyat. Ular uchun ham siz uyalib ketasiz. Amaliyot o‘tagani kelgan qizchamiz “albatta” so‘zini ikki tomondan vergul bilan ajratayapti. Sababini so‘rasam, “bilmadim, bizga shunday o‘rgatishgan” deydi. Ancha yildan so‘ng amaliyot o‘tagani boshqa qiz keldi. U ham “albatta”ni ikki tomondan vergul bilan “kishanlab” tashlar ekan. Birodarlar, menday savodsiz, omi odamga “albatta”ni nima uchun ikki tomonidan vergul bilan ajratilishini tushuntirib beringlar. Axir, gapning ma’nosiga qarab vergul qo‘yiladigan joyi bo‘ladi, qo‘yilmaydigan joyi bo‘ladi-ku?!

Bizga muallimlarimiz: “Tinish belgilarini uvol qilma, ko‘r bo‘lasan” deb miyamizga quyishgan. Ayrim nufuzli gazeta-jurnallar tahririyatlarida ham bunga rioya qilinmaydi. Masalan, “Ergash nima bo‘lsa bo‘lar”, deb o‘yladi. Bu misolda tinish belgilari noto‘g‘ri ishlatilgan. Ko‘chirma gap qo‘shtirnoqqa olinsa, “deb” so‘zidan oldin vergul qo‘yilmaydi. Gapda qo‘shtirnoq bo‘lmasa, vergul ishlatiladi. To‘g‘ri yozilishi quyidagicha bo‘ladi: “Ergash nima bo‘lsa bo‘lar” deb o‘yladi. Ham vergul, ham qo‘shtirnoq ishlatilsa, muallim aytganidek, ko‘r bo‘p qolish mumkin.

Ilgari yozuvchilarning savodli mashinistkalari bo‘lgan. Ular asarlarini aytib turib yozdirgan. Ko‘pchilik yozuvchilar bu ishga ayolini jalb qilgan. Ular matnni bexato ko‘chirgan. Ko‘p yozuvchilarni yozuvchi qilgan aslida o‘sha mashinistkalar. Keksa avlod yozuvchilarini tushunsa bo‘ladi – arab yozuvida savod chiqargan, keyin lotinga o‘tilgan va, nihoyat, kirillda talab qilingan. Oqibatda savod ham “o‘zimiz qatori” bo‘p qolgan.

Xulosa qilamiz. Lotin alifbosiga o‘tish masalasini zudlik bilan hal qilish kerak. Chunki lotinda o‘qiganlarning yana bir avlodi maktab eshigidan mo‘ralab turibdi.

Biz maktabda o‘qigan vaqtda “husnixat” degan dars o‘tilar edi. Maxsus daftarlar bo‘lardi, kataklari to‘ldirib-to‘ldirib yozilardi. Umuman, daftarlar uch toifa bo‘lar edi: katak daftar (arifmetika uchun), yozuv daftari (ona tili uchun), husnixat daftari (chiroyli yozish uchun). Shu darsni maktabga qaytarish kerak. Chunki husnixati chiroyli o‘quvchi kamroq xato qiladi. Bu fan nainki maktabda, balki oliy o‘quv yurtlarida, aspirantura va doktoranturalarda o‘qitilishini ta’minlash lozim. (Ayniqsa, tibbiyot bilim yurtlari va institutlari uchun foydadan xoli bo‘lmasdi.)

Savodni ko‘pchilik mensimaydi. Vaholanki, inson faoliyatidagi barcha siyosiy-ijtimoiy hodisalargacha savodga bog‘liq. Hatto mamlakatlar o‘rtasidagi urushlar ham. Lotin alifbosiga qarshilarning ozgina savodi bo‘lganida edi
, dunyodagi ko‘pchilik tillar lotin alifbosiga asoslanganini, kelajakning texnik asosi bo‘lgan kompyuter tili, tibbiyot tili, biologiya, anatomiya tili ekaniga aqli yetgan bo‘lardi.

Men savodni ichki kiyimga o‘xshataman. Uni hech kim ko‘rmaydi, lekin uningsiz sira iloj yo‘q. Biz ust kiyimni ko‘z-ko‘z qilamiz, maqtanamiz. Savodli bo‘lsangiz, istalgan davrada o‘zingizni erkin tutib o‘tirasiz. Fiziklar davrasi bo‘ladimi, arxeologlar davrasi bo‘ladimi, tortinib-qimtinib o‘tirmaysiz. Ehtimol, siz Lomonosovning moddalar saqlanish qonunini bilmassiz, lekin tire bilan defisning farqiga borasiz. Boshqalar defis nima, tire nima bilmaydi. Siz bilasiz. Ehtimol, siz amper bilan voltning farqiga bormassiz, lekin siz qavs bilan qo‘shtirnoqning farqiga juda yaxshi borasiz-da.

Savodli odam ko‘p kitob o‘qiydi. Mashina sovg‘a qilishmasa ham o‘qiyveradi. Ko‘p kitob o‘qigan kishini biz “o‘qimishli odam” deymiz. O‘qimishli odam madaniyatli bo‘ladi. Madaniyatli odam qonunni buzmaydi – o‘z-o‘zidan jinoyatchilik kamayadi. O‘qimishli odam mas’uliyatli ham bo‘ladi.

O‘zA muxbiri Xurshid QODIROV yozib oldi

Free WordPress Themes