O‘rgatish emas, qiziqtirish kerak - Dono.uz

O‘rgatish emas, qiziqtirish kerak

Kitob aqlga ham, yurakka ham faol ta’sir ko‘rsatadi: aqlni to‘ldiradi, yurakni hissiyotchan qiladi. Barchamiz bolalarimizning jasur va intiluvchan, diyonatli, e’tiqodli, aqlli bo‘lib voyaga yetishini istaymiz. Tarbiyada kitobning ahamiyati haqida juda ko‘p gapirish mumkin, biroq bolada kitobga muhabbat uyg‘otish mushkul ish.

Kitob o‘qish, avvalambor, qiziqishni talab qiladi. Biror narsaga qiziqmasdan turib kitob o‘qib bo‘lmaydi. Avvalo, kishi kitobni o‘z qiziqishlariga qarab o‘qigani ma’qul. Palapartish mutolaaning foydasi kamroq bo‘ladi. Kitobni sevgan inson hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, xolisona fikr yuritadi. Kichkintoylarning dunyoqarashini shakllantirish, ularni to‘g‘ri yo‘lga so­lishda kitobdan muhimroq vosita yo‘q. Shuning uchun ham ota-onalar, o‘qituv­chilar va kutubxonachilarning bi­rinchi vazifasi yosh avlodda mutolaaga qiziqish va mehr uyg‘ota olishdir.

Qiziqtirish shaxsning shakllanishida, faolligini oshirishda zarur bo‘lgan eng kuchli quroldir. Bolalarimizda kitobga mehr, ishtiyoq uyg‘otish uchun, avvalo, o‘zimiz unga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishimiz lozim. Adabiyotga mehr qo‘yishning o‘zida bir hikmat bor. Avvalo, o‘smirlarda kitob o‘qish ishtiyoqini shakllantirish nihoyatda murakkab jarayon. Bu masala ularning mutolaaga bo‘lgan munosabatini belgilaydi. Tan olish kerak, yoshlarning bugungi kitobxonlik darajasi qoniqarli emas. Bu ijtimoiy muammodan chiqib ketishning yagona yo‘li ota-onaning yordamga kelishidir. Maktabda kutubxonachi va o‘qituvchi, uyda ota-ona bolada kitob o‘qish ko‘nikmasini hosil qilishi kerak.

Qiziqishning o‘zi ham kitob o‘qish uchun yetarli sabab bo‘la oladi. Bolalar ota-onalari o‘qib bergan ertaklar-u, boshlang‘ich sinfda o‘zlari o‘qiy boshlagan hikoyalar orqali kitob dunyosiga kirib boradilar. Shuning uchun bu davr alohida e’tibor talab qiladi. Chunki kitob o‘qishga qiziqishning poydevori mana shu paytlarda shakllana boshlaydi. Bog‘chaga bormaydigan bolalarga uyda albatta hikoya va ertaklar o‘qib berish kerak.

Ota-onalar uyda bolaning kitobga qiziqishini shakllantirish uchun turli o‘yinlardan foydalansalar ham maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bola bilan muloqot qilish, uni kitobga jalb etish lozim. Bola bilan samimiy suhbat, ­uning qanday kitoblarga qiziqishi haqida so‘rash va bu kitobni o‘qishi uchun qanday muammolarga duch kelayotgani, muammo yechimini birgalikda hal etish bolaning qiziqishini yanada oshiradi. O‘qilgan kitob haqida bola bilan qizg‘in suhbat o‘tkazish, uni e’tibor bilan tinglash ham qiziqishlarning ortishiga sabab bo‘ladi.

Keyingi jarayon kutubxona va kutubxonachi bilan bog‘liq. Shinam va ozoda, rang-barang, ko‘zni quvontiruvchi shiorlar bilan bezatilgan kutubxona bolani o‘ziga tortishi tabiiy. Kutubxo­naga kelgan kitobxon o‘z fikrini hech bir qo‘rquv va tortinishlarsiz bayon eta olishi kerak. Yoshlar­ning kitobga qiziqishi oshishida kutub­xonachining roli va shaxsi ko‘p narsani hal etadi. Kutubxonachi shirinso‘z va xushmuo­mala bo‘lmog‘i darkor.

Laziza HAYDAROVA, Respublika bolalar kutubxonasi yetakchi mutaxassisi

marifat.uz

Free WordPress Themes