Bolajonlarga milliy qo‘g‘irchoqlar, buyoq kitobi va boshqa jihozlar sovg‘a qilinmoqda - Dono.uz

Bolajonlarga milliy qo‘g‘irchoqlar, buyoq kitobi va boshqa jihozlar sovg‘a qilinmoqda

Respublika “Hunarmand“ uyushmasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi maktabgacha ta’lim muassasalarida “Men ham hunarmand bo‘laman“ shiori ostida xayriya tadbirlari tashkil etmoqda.

Milliy qo‘g‘irchoq ustalari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda bolajonlarga milliy qo‘g‘irchoqlar, rangli qalam, plastilin, buyoq kitobi va boshqa jihozlar sovg‘a qilinmoqda.

Termiz shahridagi Guliston mahallasida yangidan qurib, ishga tushirilgan 22-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida tashkil etilgan tadbir bolajonlarga bir olam quvonch ulashdi.

Zamonaviy usulda barpo etilgan yangi maktabgacha ta’lim muassasasi 75 o‘ringa mo‘ljallangan. Barcha sharoitga ega ikki qavatli ta’lim muassasasida eshitish, ko‘rish qobiliyati, tayanch harakatlari, nutqi va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan 45 nafar bola to‘rt guruhda tarbiyalanmoqda. Ularning o‘nga yaqini qiz bolalardir.

Imkoniyati cheklangan bolalarga bu yerda yigirma nafarga yaqin tarbiyachi, defektolog, hamshira, musiqa, jismoniy tarbiya va boshqa soha mutaxassislari zamonaviy metodlar asosida talim-tarbiya berayotir. Buning uchun maktabgacha ta’lim muassasasida barcha sharoit yaratilgan. Uyushma tomonidan tashkil etilgan tadbir bolajonlarga bayramona quvonch bag‘ishladi. Ular ona, Vatan, go‘zallik kabi mavzulardagi she’rlarni yoddan o‘qidi. Tarbiyachilar va boshqa mutaxassislardan o‘rganayotgan rang-barang chiqishlarini namoyish etdi. Bolalarga “Hunarmand“ uyushmasining sovg‘alari topshirildi.

Denov tumani markazidan olisdagi Obod mahallasida joylashgan 34-maktabgacha talim muassasasida ham shunday tadbir bo‘lib o‘tdi.

– Tadbirlarga ota-onasi nogiron va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini taklif etib, ular qalbida hunarmandlikka mehr uyg‘otishga harakat qilayapmiz, – dedi “Hunarmand“ uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Jo‘rayeva. – Mohir ustalarimizning qo‘g‘irchoqlar tayyorlash haqidagi suhbatlari bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA

Free WordPress Themes