Bolalar yozda nimalar qilishadi? - Dono.uz

Bolalar yozda nimalar qilishadi?

Yaqinda to‘rtinchi sinf bolalarining o‘quv yilini tugallash munosabati bilan yozgan insholari qo‘limga tushib qoldi. Mavzu hammaga bir xil berilgan va insho erkin yozilgan. Ularda shunday satrlarga duch keldimki… Qo‘yaverasiz. Marhamat, yaxshisi, o‘zingiz o‘qiy qoling.

1. «Dadamning fikricha, men butun yoz davomida tinmay kitob o‘qir ekanman. Shunda beshinchi sinfda adabiyotdan faqat besh olarmishman. Onamning fikricha, men kuniga uch marta pianinoda mashq qilar emishman. Hech qanaqa multfilm ko‘rmasmishman. Ariqda cho‘milish, yashinmachoq o‘ynash mumkin emasmish. Bunga men kecha otamning oldida tantanali qasamyod qildim. Faqat o‘zimda shubha bor. Ular bunga erisha olisharmikin?..»

2. «…Bu yozda akang qarag‘ay isportsmen bo‘lmoqchi. Otamning yelkasidan tushib, endi o‘zim suza boshlayman. Endi otaning nima keragi bor?..»

3. «Bu yozdan umidlarim katta. Kamida yigirma santimetrga o‘sishim shart. Muskullarim do‘ppayib tursin, karatechi bo‘lib ketay. Ana undan so‘g‘in sinfdoshlarim bilan «gaplashgani» kelaman!»

4. «O, yoz, sen keldingmi!? Seni shunchalar kutdimki. Nihoyat erkinlikka chiqdik. Endi bemalol esnash, ovqatni chappillatib yeyish, burun kovlash va odamlar oldida qashlanish mumkin bo‘ladi!»

5. « … va nihoyat men qishloqqa — sevgilimning oldiga boraman!!»

6. «Otam menga yoz bo‘yi yog‘och o‘ymakorligini o‘rgatmoqchi, mening esa ko‘o‘o‘p rejalarim bor…»

9. «Yozda men ikkita granata va bitta avtomat olib quturgan bo‘rilar bilan to‘qnashgani o‘rmonga kirib ketaman!..»

10. «O‘quv yili davomida rosa jiddiy bo‘ldim. Yetar! Endi butun yoz davomida yengiltaklik qilaman…»

11. «Yozda bekor vaqt oshib-toshib yotadi. Tolstoylik qilsammikin… Umrimning dastlabki muchali haqida roman yozsammikin, masalan, meni kim sevdi, kim ko‘rolmaydi, men kimni sevdim va kimni ko‘rolmayman…»

Durdona MAHMUDOVA
to‘plagan.

Manba: od-press.uz

Free WordPress Themes