Ona tili bo‘lib o‘qitilsa, o‘quvchilar savodxonligi ortadi - Dono.uz

Ona tili bo‘lib o‘qitilsa, o‘quvchilar savodxonligi ortadi

Umumta’lim maktablarida muayyan fandan bitta sinfga bir o‘qituvchi dars o‘tadi. Xo‘sh, muallim o‘rtacha 25 nafar o‘quvchiga 45 daqiqa davomida nimalarni o‘rgata oladi? O‘qituvchining dars yuzasidan bolalarga yetkazmoqchi bo‘lgan ma’lumotlari uchun 45 daqiqa kam emasmi?

Rus tili, ingliz tili singari chet tillarda sinfdagi o‘quvchilar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Bu esa, har bir bolaning shu fan yuzasidan mustahkam bilimga ega bo‘lishiga imkon beradi. Chunki pedagog o‘quvchilarning fanni qay darajada o‘zlashtirganini aniqlab, ulardagi kamchiliklar ustida ishlashga ulguradi.

Maktablarda nafaqat xorijiy tillar, balki davlat tilimiz bo‘lmish ona tili va adabiyot fanlarida ham o‘quvchilar ikki guruhga bo‘lib o‘qitilsa, har bir bola bilan alohida shug‘ullanishga ulgurish mumkin.

— Hozirgi kun yoshlarida ko‘plab kuzatilayotgan imloviy xatolar va yozma savodxonlik haminqadarligining oldini olish uchun ona tili va adabiyot darslarining ikki guruhga bo‘lib o‘qitilishi maqsadga muvofiq, — deydi Peshku tumanidagi 1-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Saodat Jumayeva. — Bunga bir nechta sabablar ham mavjud. Birinchidan, o‘quv rejasidagi morfologiya, sintaksis, morfemika va leksikologiya singari bo‘limlar uchun ajratilgan mavzularni 25 nafar o‘quvchiga 45 daqiqa davomida yetkazib berish mushkul. Ikkinchidan, o‘tilgan mavzu o‘quvchining xotirasida saqlanib qolishi uchun o‘sha mavzu yuzasidan keyingi darsda savol-javob o‘tkazish, o‘tilgan mavzuni mustahkamlab, yangi mavzuni bolalarga tushuntirib berish uchun belgilangan daqiqa kam.

Uchinchidan, bir o‘qituvchi dars davomida barcha o‘quvchilarning nima bilan mashg‘ul ekanini birdek nazorat qila olmasligi bois, o‘quvchilarda o‘z-o‘zidan sustkashlik kuchayadi. Qarabsizki, fanga ishtiyoq, e’tibor kamayadi. Bu kabi muammolarning eng samarali yechimi bitta — o‘quvchilar ikki guruhga bo‘lib o‘qitilishi lozim. O‘quv jarayoni shu tarzda olib borilsa, pedagog har bir o‘quvchi bilan alohida shug‘ullanishiga imkoniyat yaratiladi. O‘qituvchi uchun dars davomida kam sonli o‘quvchilar bilan ishlash, bilimini nazorat qilish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Gulshan FAZLIDDINOVA

marifat.uz

Free WordPress Themes