“Izlanganga tole yor” yoxud o‘zbek o‘g‘loni yuksak marrani zabt etdi - Dono.uz

“Izlanganga tole yor” yoxud o‘zbek o‘g‘loni yuksak marrani zabt etdi

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida tug‘ilgan Jasurbek Imomov Buyuk Britaniyada o‘tgan matematika bo‘yicha Xalqaro olimpiadada bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Xalqimizda izlanganga tole yor degan naql bejiz aytilmagan. Oddiy qishloq bolasi Jasurbek ham bolaligidan matematika faniga mehr qo‘ydi, kitobga oshno tutindi. O‘zbek o‘g‘lonining iste’dodi bugun xorijda ham e’tirof etilmoqda.

U 1-4 sinfda Buvayda tumanida Oqqo‘rg‘on qishlog‘idagi 21-umumta’lim maktabida, 5-9 sinfda Qo‘ng‘irot qishlog‘idagi 2-ixtisoslashgan maktab-internatda tahsil oldi. Shundan keyin uzoq manzilni tanladi: Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani hududida joylashgan matematika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan akademik litseyda o‘qidi.

Bu yil mazkur bilim dargohini muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekiston Milliy universitetining oliy matematika fakultetiga o‘qishga qabul qilindi.
– Aslida maktabning birinchi sinfidan boshlab matematikaga qiziqaman, – deydi J. Imomov. – Onam maktabda yoshlarga matematika fanidan saboq beradilar. Otam savdo xodimi. Oilada 3 farzandmiz, men kattasiman. Ukalarim ham maktabda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qishadi.
Bilimga chanqoq Jasurbek yosh bo‘lishiga qaramay dunyo miqyosidagi ko‘plab olimpiadalarda qatnashganini faxr bilan so‘zlaydi. Jumladan, u dastlab 7 –sinfda o‘qiyotganida Koreya Respublikasining Tedjon shahrida bo‘lib o‘tgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi xalqaro matematika musobaqasida kumush medal sohibi bo‘ldi. Litseyning ikkinchi kursida tahsil olayotganida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan yosh matematiklar olimpiadasida bronza medali va uchinchi kursligida yana o‘sha Qozog‘istonda o‘tkazilgan va 20 ta davlatdan qatnashgan iqtidorli matematiklar xalqaro olimpiadasida kumush medal oldi. O‘tgan yili Ruminiyada dunyoning 110 davlatidan qatnashgan matematiklar olimpiadasida maxsus diplom sohibi bo‘ldi.

14-23 iyul kunlari Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan 60-xalqaro matematika olimpiadasida Jasurbek faxrli 3-o‘rinni egalladi va bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu xushxabar barchani yanada mamnun etdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Jasurbek Imomovning erishgan yutuqlari bilan tabrikladi. Uning o‘qishida omadlar tilab, sovg‘alar bilan taqdirladi.

M.SULAYMONOV

Free WordPress Themes