“Sariq kasal”ga qarshi emlash majburiymi? - Dono.uz

“Sariq kasal”ga qarshi emlash majburiymi?

(5-17 avgust kunlari respublikamiz bo‘ylab Gepatit A ga qarshi vaksinatsiya qilish tadbirlari o‘tkazilyapti)

Virusli Gepatit A (xalq tilida “sariq kasal”) tarqalish darajasiga ko‘ra, boshqa gepatit turlari ichida birinchi o‘rinni (70%) egallaydi.

Bizning mamlakatimiz virusli gepatit tarqalish ehtimoli yuqori bo‘lgan endemik hududlardan sanaladi. Istaymizmi-yo‘qmi barcha gigiyena qoidalariga rioya qilgan taqdirimizda ham Gepatit A kasalligidan hech birimiz himoyalanmaganmiz. Uning oldini olishning yagona va ishonchli yo‘li bu emlashdir.

KASALLIKNING ASORATI QANDAY?

Asoratlar yaqin vaqt ichida bilinmasa ham bir necha yildan keyin albatta chiqadi:

Jigar xastaliklari (sirroz);

· Surunkali formaga o‘tishi

· Doimiy parhez;

· Jigardagi og‘riq.

NECHA YoSHDAN EMLANADI?

Ushbu kasallik asosan 2 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida keng tarqalgan. Emlash ishlari 2 yoshdan amalga oshirilishi mumkin.

Gepatit A qaysi mavsumda tarqaladi?

Yoz mavsumi kasallik eng ko‘p tarqaladigan palla sanaladi. Lekin kasallikning yashirin davri 35 kun bo‘lganligi sababli kasallik sentyabr oxiridan boshlanib qishgacha davom etishi mumkin. Shu sababli sentyabr oyigacha emlatish ayni muddao bo‘lardi.

VAKSINALAR IShONCHLIMI?

Har bir yurtimizga kirib kelayotgan vaksina Davlat sertifikatini oladi, Sog‘liqni saqlash vazirligining tekshiruvidan o‘tadi. Vaksina bilan emlangan bola 15 yilga Gepatit A kasalligidan himoyalanadi.

KIMLARNI EMLASH MUMKIN EMAS?

Virusli gepatit A bilan kasallanib bo‘lganlar emlanmaydi, boshqa qarshi ko‘rsatmalar yo‘q.

EMLASH MAJBURIYMI? UNING NARXI QANCHA?

Bu majburiymas, biroq kasalni davolagandan uning oldini olish afzal. Zero, davolash ishlari profilaktikaga nisbatan bir necha barobar ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadi. O‘quv yili boshlangunga qadar emlash ishlari bajarilsa, farzandingiz ushbu kasallik bilan og‘rimaydi, shuningdek, bemor o‘rtoqlaridan infeksiya yuqtirib olmaydi. Emlash narxi hozirgi kunda 170 000 so‘m.

QAYERGA MUROJAAT QILISH KERAK?

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan 5-17 avgust kunlari respublikamiz bo‘ylab “Farzanlarimizni virusli gepatit A kasalligidan asraylik!” shiori ostida ommaviy tashviqot-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilyapti. Hamshaharlarimiz dushanbadan-shanbagacha soat 8.00 dan 14.00 gacha Qo‘qon shahar 2-oilaviy poliklinikaga murojaat qilishlari mumkin.

To‘lqinjon UMMATOV,

Qo‘qon shahar DSENM vrach-epidemiologi.

Free WordPress Themes