Bolalarga kitob tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak? - Dono.uz

Bolalarga kitob tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

Ota-onalar farzandlarini kichik yoshdan kitobga qiziqtirishga harakat qilishadi. Bunga erishish uchun bolaga o‘rnak bo‘lish, ya’ni o‘zlari ham kitob o‘qishi, qiziqarli kitoblar tanlashi va ularni xarid qilishi lozim. Xo‘sh, kichkintoylarga kitob tanlashda qanday qoidalarga amal qilish zarur?

Sir emaski, bolalar sifatli kitob va o‘yinchoqlarni ko‘proq yoqtirishadi, biroq sifat faqatgina uning bahosi bilan o‘lchanmasligi kerak.

Nimalarga ahamiyat berish lozim:

Bosma nashrning hajmi

Yoqqan bo‘lishiga qaramay, haddan tashqari katta kitoblarni tanlamaslik kerak. Bola ularni varaqlashga va o‘qishga qiynaladi. Kichkina kitobchalar ham to‘g‘ri kelmaydi, ular go‘dakning ko‘rish qobiliyatini yomonlashtiradi.

Shrift hajmi

Ko‘pincha biz bunga e’tibor qaratmaymiz, chunki bu kitobni bolaga o‘zimiz o‘qib berishimizni bilamiz. Biroq bolalar nihoyatda qiziquvchan bo‘lishadi. Ular ota yoki ona o‘qib berayotgan kitobni ko‘zdan kechirishadi va nafaqat rasmlariga, balki matniga ham e’tibor berishadi, o‘zlariga tanish harflarni izlashadi. Shu bois matni katta-katta berilgan, harflari aniq ko‘rinib turgan kitoblarni sotib olishga harakat qiling.

Qog‘oz

Hozir kitoblarning ko‘pi kulrang yoki sarg‘ish qog‘ozda chiqarilyapti. Ularni, yaxshisi, sotib olmang, bunday kitobni o‘qish bolaning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xuddi shu sababga ko‘ra, yaltiroq qog‘ozli nashrlardan ham qochish kerak. Ular nur qaytaradi. Maslahatimiz, standart — oq varaqli kitoblarni tanlang.

Rasm

Rasmlar — shunchaki kitoblarning bezagi bo‘lib qolmay, ular mittivoyga olamni bilishga yordam beradi, unga atrofdagi borliq haqida so‘zlaydi. Shu bois kitobdagi rasmlar to‘g‘ri chizilgan bo‘lishi kerak, aks holda ular go‘dakning dunyo, tevarakdagi buyumlar haqidagi tasavvurini buzadi. 2-3 yoshdan kichik bolalar uchun matni kam, rasmlari ko‘p kitobchalarni tanlang. Rasmlar katta-katta, tafsilotlari bilan berilgan bo‘lsa, yanada yaxshi.

Tarkibi

Agar kitobni yosh bola uchun xarid qilayotgan bo‘lsangiz, unda bor-yo‘g‘i bitta ertak bo‘lishi kerak. Hikoyalar, ertaklar to‘plami kattaroq yoshdagi bolalar uchun qiziqarli. 3-4 yoshli bolalar hayvonlar haqidagi hikoyalarni mazza qilib tinglashadi, ularga ertaklar qiziqarli. 4-5 yoshdagi bolaga uning birinchi ensiklopediyasini sotib olib bergan ma’qul.

Bahosi

Kitobdan pul tejamang, chunki gap bolaning salomatligi, ko‘rish qobiliyati haqida ketyapti. Shu bois sal qimmatroq bo‘lsa ham, sifatli nashr xarid qiling. Biroq bolaga o‘ta qimmat kitoblarni ham sovg‘a qilib bo‘lmaydi, chunki ularni yirtishi, chizishi yoki yo‘qotib qo‘yishi mumkin.

Bolaga birinchi kitobini qachon xarid qilish mumkin?

Hayotining dastlabki oylaridayoq, buyumlarni ushlashni o‘rganganida, ya’ni 4 oyligida ayni muddao. Albatta, bu qog‘ozli emas, go‘daklar uchun mo‘ljallangan maxsus matoli kitobcha bo‘lishi kerak. Rasmlari bo‘rtib chiqqan bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur: go‘dak ularni qo‘llari bilan paypaslab ko‘radi. Kattaroq yoshdagi bolalarga qog‘ozli kitobcha olib berish mumkin, faqat dastlab karton qog‘ozlisini tanlang, aks holda ular yirtishi yoki chaynab tashlashi mumkin.

Go‘dak uchun kitob tanlayotganda uning nimani yoqtirishi, nimaga qiziqishini yodda tutish kerak. Yana bir muhim jihat: zinhor bolani kitob o‘qishga majburlamang. Aks holda bir umrga kitobga bo‘lgan qiziqishi so‘nib qolishi mumkin.

xabar.uz

Free WordPress Themes