Dilnoza Kubayeva nega doim ko‘ngliga quloq tutadi?

O‘zbek kino aktrisasi. “Kelgindi kelin”, “Telba”, “Farzandim” kabi kino filmlarda o‘ynagan rollari bilan muxlislar e’tiboriga tushgan. Teatr sahnasida esa o‘ttizga yaqin spektakllarda turli xarakterdagi obrazlarni yaratgan. 2012 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Zamondoshning hayot yo‘li

Dilnoza Kubayeva 1986 yil 22 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ota-onasining kasblari ijodkorlikdan uzoq bo‘lsa-da, san’atga ixlosi baland insonlar bo‘lishgan. Otasi qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rgan bo‘lsa, onasi uy bekasi bo‘lishiga qaramay hikoyalar yozgan.

Oilada Dilnozadan tashqari uch o‘g‘il bo‘lgan. Hozirda ulardan biri opasining izidan bormoqda. Bo‘lajak aktrisa bolalagidanoq she’r aytishga, raqsga tushishga qiziqqan.

Maktabni bitirgach, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining aktyorlik bo‘limiga o‘qishga kirgan. Mashhur o‘zbek aktrisasi Munavara Abdullayevaning shogirdi. Dilnoza Kubayeva o‘qish davomidayoq turli konsertlarda boshlovchilik qilgan, uni hatto dublyajga taklif qilishgan. Ammo, buning uchun u ikki marotaba xayfsan olgan.

Aktrisa 2004 yilda O‘zbek milliy akademik drama teatrida o‘z faoliyatini boshlagan. Ushbu teatrda hozirgacha 30 dan oshiq turli harakterdagi obrazlarni gavdalantirgan. Kinoga esa 2005 yilda kirib kelgan aktrisa ilk bor “Kelgindi kuyov” filmida suratga tushgan. Shundan keyin u birin-ketin “Telba”, “Jazo”, “Kechikkan hayot”, “Farzandim” kabi o‘nlab filmlarda rol ijro etgan. Aktrisa ushbu filmlarda ko‘pincha kelin obrazida namoyon bo‘lgan.

Kubayevaning qahramonlari ko‘pincha hayot qiyinchiliklariga qarshi turadigan va shaxsiy baxtga erishadigan qizlardir. Dilnoza Kubayeva 2008 yilda Shuhrat ismli yigitga turmushga chiqqan. 2009 yilda ular o‘g‘il farzandli bo‘lishgan. Bir necha yil o‘tib, uning turmush o‘rtog‘i og‘ir xastalikka chalinib olamdan o‘tgan. Og‘ir judolikdan so‘ng, 2011 yili u yana san’atga qaytgan. Shu yili “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Tinib-tinchimas Dilnoza Kubayeva turli tadbirlarda boshlovchilik qilish va turli obrazlarni yaratishdan tashqari oliygohda dars berishga ulguradi. Uning boshlovchilik uchun ishlagan gonarari 1,5 ming dollarni tashkil qiladi. Aktrisa “Bolalik kunlarimda” nomli milliy loyiha doirasida bir qancha ertaklarni ovozlashtirish ishlarida ham ishtirok etgan.

Zamondosh fikrati

“So‘z sadaqasi degan narsa ham bor, ba’zan birgina so‘zimiz bilan kimlarnidir baxtli qilib yuborar ekanmiz-u, o‘zimiz bilmay qolishimiz ham mumkin”.

“Ko‘nglim aytadi: hech bir insonning ko‘nglini qoldirmagin! Men ko‘nglimga quloq tutaman. Har bir muxlisimga e’tibor qilishga harakat qilaman. Chunki ular menga vaqti, mehrini ajratganda nima uchun men ham ularni yelkasiga qoqib qo‘ymasligim, vaqt ajratmasligim kerak?”

“Hayotda hech kimga ayta olmaydigan so‘zlarim, tuyg‘ularimni rollarimda aytaman, ko‘rsataman”.

“Bir kuni tushimda Sora Eshonto‘rayeva, Lutfixon Sarimsoqova mening boshimga oq ro‘mol o‘rashgan. Shu tushdan keyin menga Guli, Kumushbibi kabi rollar nasib etgan”.

Ulashing | Поделись этим: