Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar farzandlari darsliklar bilan bepul ta'minlanadi - Dono.uz

Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar farzandlari darsliklar bilan bepul ta’minlanadi

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob ijarasiga pul topa olmagan o‘quvchiga kitob berilmagani haqidagi xabar Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganildi, deb xabar beradi «pv.uz» нашри.

Mazkur jarayonda o‘quvchilar Madina Nuriddinova hamda uning ukasi Azizbek Nuriddinov Namangan shahridagi 42-maktabda ro‘yxatda turganligi aniqlandi. O‘quvchilar M.Nuriddinova va A.Nuriddinov ota-onasining kasalligi og‘ir bo‘lganligi uchun viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi qoshidagi bolalar sil kasalliklari sihatgohida davolanib, ta’lim olib kelgan.

Biroq M.Nuriddinova va A.Nuriddinovning ota-onasi 2018-2019-o‘quv yilida darsliklarni olish uchun tegishli tartibda maktabga murojaat etmagan. Bundan tashqari, oila ijtimoiy himoyaga muhtojligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan hujjatda ro‘yxatda turmagan.

Oilaning moddiy yordamga muhtojligi sababli 7-sinf o‘quvchisi Madina Nuriddinova hamda 4-sinf o‘quvchisi Azizbek Nuriddinovning ta’lim olishida muammolar yuzaga kelayotganligi, xususan, ushbu oilaning moddiy ahvoli sabab opa-ukaga ijara to‘lovi asosida darsliklarni olib berishga imkoniyat yo‘qligi bayon etilgan edi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan har ikki o‘quvchi Madina va Azizbek Nuriddinovlar 7- hamda 4-sinf darsliklari bilan to‘liq bepul ta’minlandi. Bundan tashqari, Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda 2019-yil 5-avgust kuni opa-ukaga o‘quv qurollari va maktab formasi ham bepul berildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining 2014-yil 20-martdagi qarori ( Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 28-aprelda 2577 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan tasdiqlangan “Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomi”ning 3-bob, 30-bandiga ko‘ra, birinchi sinf o‘quvchilari, “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari bo‘lgan o‘quvchilar va ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilar umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi. Bunda darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilarning ro‘yxati 1-sentyabrgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan umumta’lim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan, deyiladi vazirlik xabarida.

Free WordPress Themes