“Xalqlar do‘stligi” maydonida 2019 nafar yosh taekvondochilar ishtirokida katta fleshmob o‘tkazildi - Dono.uz

“Xalqlar do‘stligi” maydonida 2019 nafar yosh taekvondochilar ishtirokida katta fleshmob o‘tkazildi

Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan taekvondo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati yurtimizda ushbu sport turi rivoji va taraqqiyoti, ommaviy sport targ‘iboti yo‘lida o‘zgacha iz qoldirmoqda.

Musobaqani kuzatib borish uchun shaxsan jahon taekvondo federatsiyasi rahbarining tashrifi mazkur turnir ne chog‘lik ahamiyat kasb etishini belgilab bermoqda.
O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi ushbu musobaqa doirasida yana bir ahamiyatli tadbirga qo‘l urdi. Bugun poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida, avvalo, sog‘lom turmish tarzini, shuningdek, taekvondoni targ‘ib qilish yo‘lida katta fleshmob tashkil qilindi, deb xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

Unda ushbu sport turida katta yutuqlarga erishgan hamyurtlarimiz, yuzlab mahalliy va Janubiy Koreyadan kelgan yosh taekvondochilar o‘z mahoratlarini namoyish qilishdi. Fleshmobda jami 2019 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Ushbu tadbirni jahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chung Von Choy ham katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Martabali mehmonga Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev hamrohlik qilishdi.

Tadbir boshida mehmonlarga o‘tgan oy yurtimizda katta tantana ostida o‘tgan “Olimpiya kuni”ga bag‘ishlab tayyorlangan rolik namoyish etildi. Tabiiyki, bunday katta masshtabdagi sport tadbiri Chung Von Choyni ham ta’sirlantirmay qolmadi.

Sportchilar ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar maydonga yig‘ilgan tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Free WordPress Themes