Innovatsion rivojlanish vazirligi 15 nafar yosh olimni Germaniyaga yuboradi - Dono.uz

Innovatsion rivojlanish vazirligi 15 nafar yosh olimni Germaniyaga yuboradi

Innovatsion rivojlanish vazirligi Germaniya Ta’lim va tadqiqotlar vazirligi bilan hamkorlikda 15 nafar o‘zbekistonlik yosh olimning ilmiy ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Germaniya tadqiqot institutlarida ikki hafta davomida malaka oshirishi uchun grant dasturini e’lon qildi. Bu haqda «daryo» xabar berdi.

Amaliyot dasturi doirasida yosh olimlar Germaniya innovatsion ekotizimini o‘rganish maqsadida mamlakatning turli ilmiy va innovatsion markazlariga safar qiladi. Ular ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Germaniya hukumati tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy tanlovlar va grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Tanlovda aqlli shahar, atrof-muhitni o‘rganish, barqaror rivojlanish, qishloq xo‘jaligi va madaniy merosni asrashga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Innovatsion faoliyatga yo‘naltirilgan va natijalarini amaliyotga joriy qilishga qaratilgan loyihalar tanlovda ustunlikka ega bo‘ladi.

Nomzodlar 2019-yilning 31-avgustiga qadar ro‘yxatdan o‘tib, kerakli hujjatlarning elektron nusxalarini taqdim etishi lozim. Til bilish sertifikatlariga ega, ingliz yoki nemis tilida ilmiy maqolalari chop etilgan nomzodlarga tanlovda ustunlik beriladi.

Tanlovning saralash jarayoni Innovatsion rivojlanish vazirining yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns rahbarligida vazirlik va hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Amaliyot dasturida ishtirok etib qaytgan nomzodlar joriy yil oktyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan Innoweek innovatsion g‘oyalar haftaligi davomida tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan taqdimotlari yoki o‘z loyihalari bilan qatnashishi lozim.

Free WordPress Themes