Bolada qo‘rquv bo‘lsa… - Dono.uz

Bolada qo‘rquv bo‘lsa…

Har bir o‘qituvchi va sinf rahbari o‘z ish faoliyati davomida suzishdan qo‘rqadigan, emlashdan hadiksiraydigan yoki tasodifiy tovushlardan cho‘chib tushadigan o‘quvchilarga duch kelgan. Ammo ko‘p hollarda ayrim bolalar ota-onasi yoki o‘qituvchisiga yoqish, ularni o‘ylayotgan narsalari bilan chalg‘itmaslik uchun qo‘rquvni ichiga yutadi. Natijada jizzaki va jahldor odamga aylanadi.

20 yillik faoliyatim davomida shunga amin bo‘ldimki, umuman qo‘rqmaydigan bola bo‘lmas ekan. Lekin me’yordan ortiq qo‘rquv ruhiyatni kuchli shikastlasa, bola haqiqiy borliqni o‘z holicha anglay olmaydi. Sinf rahbari boladagi qo‘rquv qanday vaziyatlarda paydo bo‘lishini anglab, unga nisbatan munosabatini o‘zgartirishi, buning uchun maktab psixologi va ota-onalar ko‘magiga tayangan holda turli-tuman pedagogik-psixologik tadbirlarni o‘tkazishi lozim. Aks holda, murg‘ak qalbdagi qo‘rquv mahv etilmas ekan, bolaning fikrlashi, fanlarni o‘zlashtirishi va tevarak-atrofga bo‘lgan munosabati yomonlasha boradi.

O‘z kuzatuvimdan bir misol: sinfimdagi 9 yoshli o‘quvchi qiz jirafadan qo‘rqardi. Darslikdagi mavzumiz hayvonlarga borib taqalsa, shu kuni juda xomush o‘tirar, hatto tanaffusga ham chiqmasdi. Ota-onasidan so‘rab-surishtirib bilsam, qizaloq jirafa kechasi uyga kirib kelishi va uni yeb qo‘yishidan qo‘rqar ekan. Shu sababli uyqusida bosinqirash, ishtaha yo‘qolishi, hatto fikrlashida susayish ham kuzatildi. Mashg‘ulotlar chog‘ida shu o‘quvchim bilan birga xonaki va yovvoyi hayvonlar rasmini chizib, unga hayvonlar haqida batafsil ma’lumot va tushunchalar berdim. Keyingi mashg‘ulotlarimizga onasini ham taklif qildim. Jirafa beozor, o‘txo‘r jonivor ekani haqida turli ma’lumotlar to‘plab, ularga taqdim qildim. Bundan tashqari, jirafa ijobiy qahramon sifatida ishtirok etgan hikoyalar va multfilmlarni jamladim. Qizcha onasi bilan uyida ham mana shu mutfilm va hikoyalarni tomosha qildi, o‘qidi, tingladi. Bu tadbirlardan keyin qizaloq jirafa odamlar yashaydigan joydan yiroqda bo‘lishini va ularga yomonlik qilolmasligini anglab yetdi. Shundan buyon unda qo‘rquv hissi ancha kamaydi.

Qo‘rquvni bartaraf etishda amalga oshiriladigan ishlar ota-ona ishtirokisiz kutilgan natijani berishi qiyin. Shuning uchun sinf rahbari ota-onalar bilan yaxshi muloqot o‘rnatib, oilaning ahvolini (ota-ona chet eldaligi, oilaviy ajrim) o‘rganib, muammolarini qanday hal etish choralarini topishi lozim. Ba’zan sinf rahbari va maktab psixologi o‘quvchilardagi shu kabi muammolarga yuzaki yondashadi. Bolaning fanlarni qanday o‘zlashtirayotgani, sinf jurnali va nazoratdagi baho­lariga qarab xulosa chiqaradi. Aslida biz o‘quvchilarimizning faqat yomon emas, yaxshi taraflarini ham ko‘rishga odatlanishimiz lozim. Biz, o‘qituvchilarning asosiy vazifamiz ― ruhan sog‘lom va barkamol farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdir.

Yulduz IBROHIMOVA, Pitnak shahridagi 9-maktab o‘qituvchisi

Manba: marifat.uz

Free WordPress Themes