Qo'g'irchoq — ovunchoq… emas - Dono.uz

Qo’g’irchoq — ovunchoq… emas

Yaqinda jiyanim Madinaning tug’ilgan kuni. Unga yaxshi ko’rgan o’yinchog’ingni olib beraman, deb va`da bergan edim. So’zimning ustidan chiqish uchun bozorga yo’l oldim. O’yinchoqlar do’konini birma-bir aylandim.

Buni qarangki, globallashuv «o’yinchoqlar»ni ham chetlab o’tmabdi. Xorijda ishlab chiqarilgan, ayniqsa, g’arb mentalitetiga xos o’yinchoqlarning ko’pligini ko’rib, gapning ochig’i, hayratlandim… «Barbi», «O’rgimchak odam», «Shrek», «Sohibjamol va mahluq»… Bu ro’yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Darvoqe, narxlari esa odamni lol qoldiradigan darajada. Beixtiyor yoqa ushlaysan…

Shu payt ko’zim chamasi 5 yoshlardagi qizalog’ini yetaklab kelayotgan ayolga ko’zim tushdi.

— Qizingizga qo’g’irchoq olib bermoqchi ko’rinasiz? — savolga tutdim.

— Qaydam, kecha bozor-o’chardan keyin shu yerdan o’tib ketayotgandik, qizim qo’ymay «Barbi» olib berasiz, deb injiqlik qildi. Noiloj uni xarid qildik. Uyga borgach, qaynonam uning tuzilishi bolamning yoshiga mutlaqo to’g’ri kelmasligini aytib, meni qattiq koyidi.

Darhaqiqat, farzand tarbiyasida ularning ovunchoqlari — o’yinchoqlar ham alohida ahamiyat kasb etadi. Zotan, kichik yoshdagi bola tili chiqib ulgurmasdan qo’g’irchoqlari, o’yinchoqlari bilan qaysidir ma`noda «tillashadi».

Suhbatimizga qo’shilgan Oysifat aya Nurmonova shunday deydi:

— Qiz bola yoshligidan qo’g’irchoq o’ynashni boshlaydi. Bu esa kelgusida ona bo’lishga orzumand ekanligidan dalolat. Ammo zamonlar o’zgarib, biz o’ynagan qo’g’irchoqlar boshqacha tus oldi. Ularning ochiq-sochiq kiyinishi, ajnabiy tuzilishi hali esini tanib ulgurmagan qizaloqning bolalik xayollarini o’g’irlamasligining iloji yo’q. Unga taqlid qiladi va hatto kiyayotgan ko’ylagini ham uniki kabi o’zgartirishni istaydi. O’ylab ko’ring, siz o’zingizdagi tarbiyani bolangizga berasiz, u o’zining bolasiga. Endi ayting-chi, shu tariqa qizaloqlarimizga  g’arbcha mentalitetga xos fazilatlar «yuqib» qolmasmikan!?

— Do’konlar peshtaxtalarini to’ldirib turgan «Barbi», «Jek va uning do’stlari», «Betmen» deb nomlangan xorij o’yinchoqlari bolalar tarbiyasiga qanday ta`sir qilishi meni hamisha o’ylantirib kelgan, — deydi o’yinchoq sotib olayotgan Bolbuvi opa. — Unutmaylik, qo’g’irchoq — o’yinchoqqina emas, balki bolalar, ayniqsa, qizaloqlar tarbiyasida muhim vosita hamdir. Chet elning «Barbi»sidan ko’ra o’zimizning qo’lda yasalgan, hamyonbop, milliylik ufurib turgan, sochlari mayda qilib o’rilgan qizaloqlar, supachada zarko’rpacha, bolishchalar… Farzandlarimiz o’zbekona urf-odatlarni o’zida mujassam etgan milliy qo’g’irchoqlar bilan o’ynashganiga nima etsin!

Darvoqe, o’yinchoqlar nafaqat tashqi ko’rinishi, balki kimyo­viy tarkibi bilan ham farzandlarimizga zarar yetkazmasligi kerak. Shu boisdan ham bolalar o’yinchoqlarini olishda ehtiyot bo’lishimiz lozim.

Ma`lumotlarga ko’ra, o’yinchoqning rangi uning xavf darajasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning rang-barang, judayam to’q va yorqin rangda bo’lishi tarkibi zaharli kimyoviy elementlarga boy bo’yoqlar bilan oro berilganini ang­latadi. Vaholanki, bola, albatta uning rangiga qiziqib, mazasini tatib ko’rgisi keladi. Natijada, zaharli moddalar jigar, oshqozon-ichak, buyrak yo’llariga tushadi va uning sog’ligiga zarar yetkazadi.

— Endigina shakllanayotgan bola ongi dunyoni anglash, tasavvur etishida, jismoniy va ma`naviy kamoloti hamda asab faoliyatining shakllanishida qo’g’irchoq va o’yinchoqlarning o’rni katta, — deydi  Navoiy shahridagi 7-umumta`lim  maktabi psixologi Muhabbat Vafoeva. — Shuning uchun ham o’yinchoqlarning bejirimliligi, toza mahsulotdan tayyorlangani, ularning kimyoviy tarkibiga alohida e`tibor qaratish lozim. Misol uchun, o’yinchoqdan o’tkir kimyoviy hid tarqalmasligi kerak. Yumshoq o’yinchoqlar esa asosan kimyoviy-sintetik tolalardan tayyorlanadi. Bu ham yetmaganday, ularga qadab qo’yilgan ko’z tugmalarini bola uzib yutib yuborishi ham mumkin.

Mavzu doirasi nihoyatda keng. Gapirgan bilan so’z tugamaydi. Maqsadimiz bitta: do’konlarimizni o’zga madaniyatni targ’ib qiluvchi o’yinchoqlar o’rniga milliy qahramonlarimiz qiyofasidagi qo’g’irchoqlar egallasa, nur ustiga nur bo’lar edi.

Dilafro’z O’ROZOVA,

Ishonch muxbiri

Free WordPress Themes