Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi aniqlandi - Dono.uz

Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi aniqlandi

Yaxshi kitobxon boʻlish uchun koʻp kitob oʻqishning oʻzi yetarlimi? Yoʻq, albatta. Avvalo, uqish muhim va buni zukkolik, topqirlik, tashabbuskorlik bilan namoyon eta olish ham kerak. “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” koʻrik-tanlovi ishtirokchilardan ayni shu sifatlarni talab etadi.

Bu yilgi tanlovning tuman, shahar, viloyat bosqichlari may-iyul oylarida boʻlib oʻtdi. Qizgʻin bahslarda toblangan, saralangan 14 umumtaʼlim maktabi jamoasi final ishtirokchisiga aylandi.

Tanlovning mamlakat bosqichi Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika bolalar kutubxonasi hamkorligida poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 103-maktab-internatda tashkil etildi. Unda ishtirokchi maktab direktorlarining maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi, kutubxonachi, yoshlar yetakchisi hamda ikki nafar kitobxon oʻquvchidan iborat olti kishilik maktab jamoalari 4 shart boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Koʻrik-tanlovning tanishtiruv shartida ishtirokchilar kitobxonlikni rivojlantirish uchun oʻz taʼlim dargohida qanday ilgʻor usullarni amalda qoʻllayotgani, jumladan, “Kitobxonlar bayrami”, ”Targʻibotchi kitobxon oʻquvchi” tadbirlari asosida erishayotgan yutuqlari haqida maʼlumot berdi.

Eng koʻp kitob oʻqigan jamoa qaysi? Tanlovning ikkinchi sharti bu savolga aniqlik kiritib berdi. Unda har bir jamoaga oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari asosida tuzilgan 10 tadan savol berildi. Ayni shu pallada oʻqish boshqa, uqish boshqa ekani oʻz soʻzini aytdi. Savollar ishtirokchilarni tez oʻylashga, aniq fikrlashga, toʻgʻri eslashga undadi.

Uchinchi shartda jamoalar muvaffaqiyati yoshlar yetakchisining qay darajada tashabbuskor va zakovatli ekaniga bogʻliq boʻldi. Unda yetakchilar kitobxonlikni targʻib qilishga qaratilgan gʻoya va takliflarini videorolik, slayd hamda boshqa koʻrgazmali vositalar yordamida taqdim qildi. Ular orasida Navoiy shahridagi 14-maktabning yoshlar yetakchisi Kamola Toʻxtayevaning loyihasi koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.

– Yoshlarimizning “Yosh kitobxon” koʻrik-tanloviga qiziqishidan kelib chiqqan holda “Yosh kitobxon” mobil ilovasini yaratdim, – dedi K.Toʻxtayeva. – U orqali tanlovda ishtirok etish uchun onlayn tarzda anketa toʻldirish mumkin. Mutolaa qilinishi kerak boʻlgan asarlar oʻzbek, rus, ingliz tillarida berilgan. Ilovaga badiiy adabiyotlarning audio varianti ham joylashtirilgan. Bu istalgan vaqt va manzilda tanlangan asar bilan tanishish imkonini beradi. Nogironligi boʻlgan kitobsevarlar uchun ham juda qulay. Ilovada foydalanuvchiga oʻqigan asarlari yuzasidan test savollari taqdim etiladi. Bundan tashqari, kitob oʻqishga undovchi, ragʻbatlantiruvchi videoroliklar ham berilgan. Ilova hozircha “Play market”ga oʻrnatilmagan. Bunga erishilsa, dunyoning turli nuqtasidan turib “Yosh kitobxon”ni kuzatib borish, unda ishtirok etish mumkin boʻladi. Muhimi, ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflashga hojat qolmaydi.

Ushbu ishlanmasi bilan Kamola Toʻxtayeva koʻrik-tanlovning “Eng faol yoshlar yetakchisi” nominatsiyasi sovrindori boʻldi.

Yakuniy natijaga koʻra, Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabi jamoasi “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” boʻldi.

– Maktabimizda 660 oʻquvchi tahsil oladi, – dedi ushbu maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Vazira Asadova. – Oʻquv yili davomida ularning kitobga qiziqishlarini oshirish boʻyicha muntazam shugʻullanamiz, ammo yozgi taʼtil mobaynida bu biroz muammo. Shu sababli “Kitob-xit” loyihasini ishlab chiqdik. Unga koʻra, oʻqituvchilarimiz har kuni kamida besh oʻquvchining xonadoniga tashrif buyurib, taʼtil vaqtida qanday asarlar mutolaasi bilan band ekanini oʻrganadi. Hozir kutubxonamizda 12 mingdan ortiq kitob bor. Shundan 4500 ga yaqini badiiy asarlardan iborat.

Koʻrik-tanlov, shuningdek, “Eng tashabbuskor ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi”, “Eng bilimdon kutubxonachi”, “Eng kitobsevar oʻquvchi” kabi nominatsiyalar gʻoliblarini ham aniqlab berdi.

Gʻolib jamoalarga tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, esdalik sovgʻalari berildi.

“Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” koʻrik-tanlovi mutolaaga ixlosni, ishtiyoqni yanada oshirish uchun ragʻbat, undov boʻlgani bilan ahamiyatlidir. Shu maʼnoda tanlovda magʻlub jamoa boʻlmadi, deyish mumkin.

Feruza KARIMOVA, TEMUR MAMADAMINOV (surat), OʻzA

Free WordPress Themes