650 nafar talabgordan 120 nafar eng iqtidorli yoshlar tanlab olinadi - Dono.uz

650 nafar talabgordan 120 nafar eng iqtidorli yoshlar tanlab olinadi

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi oʻzbek tili va adabiyotini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga kirish imtihonlari boshlandi. Barcha savollar va mavzular Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan belgilab berilgan va maxsus paketda muhrlangan holda keltirilgan. Bu haqda «UzA» xabar berdi.

Imtihon komissiyasi maʼlumotiga qaraganda oʻquv dargohida bilim olishni xohlovchilar soni 650 nafardan oshgan. Qabul jarayonida bolalardan “Bolaligim — poshsholigim”, “Tabiat bizning doʻstimiz”, “Men sevgan ertak”, “Onam aytgan ertaklar” kabi lirik mavzularni yoritib berish talab qilinadi. Oʻquvchilarga sakson-yuz atrofidagi soʻzdan iborat insho va ogʻzaki suhbat jarayonida javob berishi kerak boʻladi. Baholash jarayonida oʻquvchilarning ayniqsa, ijodiy koʻnikmalari, savodxonligi va husnixati inobatga olinadi. Va eng muhimi — ular matn izchilligiga rioya qilishidir.

– Bolalarimiz imtihon topshirishi jarayonini kuzatib borish uchun bizga barcha qulay sharoitlar yaratilgan, – deydi Oq oltin tumanidan kelgan Zulfiya Normatova. – Bugun koʻpchilik qatorida 12 yoshli qizim Dilorom Abdusattorova ham imtihon topshirayapti. Imtihonning javobini bugunoq bilar ekanmiz.

Shuni taʼkidlash lozimki, bu yerdagi koʻpchilik oʻquvchilar hali yosh boʻlishiga qaramay, oʻzlari mustaqil sheʼrlar ham yozgan. Oqoltin tumanidan kelgan Farangiz Madaminova oʻz sheʼrlarini “Gʻuncha” jurnaliga topshirgan. Yangiyer shahridagi 2-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Ismoil Mavlonov esa Halima Xudoyberdiyeva haqida sheʼr yozib, keng auditoriyalarda bir necha marta oʻqib berishga ulgurgan.

Imtihon natijalariga koʻra, 120 nafar eng iqtidorli va chuqur bilim egalari boʻlgan 12-15 yoshli oʻquvchilar yuqorida nomi keltirilgan maktab-internatga qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Free WordPress Themes