Xalq ta’limi vaziri: “Millat sifatida birdamligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi” - Dono.uz

Xalq ta’limi vaziri: “Millat sifatida birdamligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi”

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Facebook”dagi sahifasida barcha o‘zbekistonliklarni farzandlari tahsil olayotgan maktablarni yangi o‘quv yiliga yanada yaxshiroq tayyorlashga yordam berishga chorlab chiqdi. Bu haqda «minbar» xabar berdi.

“Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan 17−18 avgust kunlari mamlakatimiz miqyosida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan barcha o‘zbekistonliklarni ana shu imkoniyatdan foydalangan holda maktablarimizni yangi o‘quv yiliga yanada yaxshiroq tayyorlashga yordam berishga chaqirmoqchimiz.

Maktab obod va fayzli bo‘lsa, farzandlarimiz shu obod joyda o‘qib yanada yaxshiroq natijalar uchun harakat qiladilar. Agar hammayoq besaranjom bo‘lsa, xuddi “singan oynalar” nazariyasidek ahvol va muhit yanada yomonlashaveradi”, deb yozadi Sherzod Shermatov.

Xalq ta’limi vazirining ta’kidlashicha, yillar davomida nafaqat ta’lim, balki boshqa sohalarda ham muammolar yig‘ilib qolgan. Ularni hal qilish esa juda katta pulga borib taqaladi.

“Iqtisodiy ahvolimiz qanday ekanini ko‘pchilik his qilib turibdi deb o‘ylayman. Shuning uchun, ta’limga ajratilayotgan pul yetarli emasligini bilamiz, ammo falon masalani hal qilish uchun qachon pul beriladi deb kutib hech narsa qilmasdan ham turolmaymiz. Bolalarimiz sentyabrdan o‘qishi kerak

To‘g‘ri, bunga majbur emasmiz, ammo bolalarimiz uchun, ularning munosib sharoitda o‘qib voyaga yetishi uchun shu ishni qilishga chorlaymiz. Ayniqsa, yangi o‘quv yili arafasida qurilish va ta’mirlash endi yakuniga yetgan maktablarni o‘quv yiligacha tozalab o‘quvchilarni qabul qilishga tayyorlash juda muhim”, deya ta’kidlagan Sherzod Shermatov.

Xalq ta’limi vaziri urushdan keyin Koreya, Yaponiya kabi davlatlar xalqining ko‘magi va fuqarolarining ta’limga e’tibori tufayli qisqa muddatda oyoqqa turganini, urush davridagi shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan ushbu mamlakatlarning fuqarolari bisotidagi bor narsani, hatto tilla taqinchoqlarigacha berib mamlakatning iqtisodiyotini ko‘tarishga ko‘maklashganini yodga oladi.

“Xudoga shukrki, bizda tinchlik. Lekin yillar davomida maktablarga e’tibor berilmagani sababli tizimda juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Ularni faqat birgalikda hal etishimiz mumkin. Millat sifatida birdamligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi. Avloniy aytganidek, ta’lim-tarbiya biz uchun hayot va mamot masalasidir! ”, – deb yozgan Sherzod Shermatov.

Uning bu posti ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qabul qilingan. Vazirning so‘zlarini olqishlab, qo‘llab-quvvatlaganlar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, bu chorlovga istehzo bildirganlar ham bor.

Free WordPress Themes