Mamlakatimizda besh tilga ixtisoslashtirilgan davlat maktablari tashkil etiladi - Dono.uz

Mamlakatimizda besh tilga ixtisoslashtirilgan davlat maktablari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida nemis, fransuz, ispan, koreys va xitoy tillariga ixtisoslashtirilgan 39 ta davlat umumta’lim muassasalari tashkil etiladi. Mazkur muassasalarning tashkil etilishi joriy yilning 21-avgust kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Qarorda ixtisoslashtirilgan maktablarning asosiy vazifasi etib davlat ta’lim standartlari asosida, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda nemis, fransuz, ispan va yapon tillarining chuqur o‘rgatilishi belgilangan.

Mazkur maktablarda nemis, fransuz, ispan va yapon tillarini o‘rganishda o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.Har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olinib, tillarni chuqur o‘rganishlari uchun davlat ta’lim standartlaridan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Muassasalarga nemis, fransuz, ispan va yapon tillaridan mahoratli o‘qituvchilarni jalb etgan holda ta’lim sifatini oshirishga erishish lozim.

O‘quvchilarning iqtidori va iste’dodini aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha ularni milliy va xalqaro fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlov va boshqa tadbirlarda munosib ishtirok etishga tayyorlash yangi tashkil etilayotgan maktablarning vazifalariga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar nemis, fransuz, ispan va yapon tili fanlariga ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarining o‘quv rejasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Germaniyaning Klett nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan nemis tili darsliklari majmuasining xalq ta’limi tizimida 2018–2019-o‘quv yilida tajriba-sinovidan o‘tkazilganligi inobatga olinib, umumta’lim muassasalariga mazkur darsliklarni xarid qilish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqiladi. Shuningdek, xalqaro grantlar, chet el investorlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manba mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 5-apreldagi 281-son qarori talablariga muvofiq ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida nemis, fransuz, ispan va yapon tillari bo‘yicha muqobil darsliklardan foydalanish bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga yapon tili bo‘yicha pedagoglarni jalb qilish, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida yapon tili fani o‘qituvchilariga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga nisbatan lavozim maoshlariga ellik foizgacha miqdorda qo‘shimcha oylik to‘lash tizimi joriy etiladi.

Yapon tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshlari bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar xalq ta’limi muassasalarining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qarorda ta’kidlanishicha, “El-yurt umidi” jamg‘armasi yordamida 2020–2021-o‘quv yilidan boshlab nemis, fransuz, ispan va yapon tili o‘qituvchilarini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

2020–2021-o‘quv yilidan boshlab, xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan (nemis, fransuz va yapon tillaridan tashqari) davlat umumta’lim muassasalarida ota-onalar va o‘quvchilarning xohish-istaklaridan kelib chiqib, nemis, fransuz, ispan yoki yapon tili ikkinchi til sifatida joriy etiladi.

Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarga yanada chuqurroq bilim berish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari va o‘qitish metodikasini singdirish maqsadida ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga xorijiy mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishga qabul qilishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarining 11-sinf bitiruvchilariga xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan birgalikda o‘tkazilgan tanlovlar natijalariga ko‘ra nemis tilini xorijiy til sifatida bilish darajasi bo‘yicha Germaniyaning Test DAF (Test Deutsch als Fremdsprache), fransuz tilidan xalqaro imtihon natijalari bo‘yicha Fransiyaning Test DELF (Diplome d ’Études en Langue Française – fransuz tilini o‘rganganligi to‘g‘risida) va DALF (Diplome Approfondi de Langue Française – fransuz tilini chuqur o‘rganganligi to‘g‘risida) diplomlarini, Japanese Language Proficiency Test Certificate (JLPT Certificate – yapon tilini chuqur o‘rganganligi to‘g‘risida) sertifikati berish amaliyoti joriy etiladi.

Oliy ta’lim muassasalarining xorijiy filologiya yo‘nalishlarini tamomlagan mutaxassislarni 2020–2021-o‘quv yili davomida nemis, fransuz, ispan va yapon tili mutaxassisligi bo‘yicha, istisno tariqasida, bepul qayta tayyorlash amalga oshiriladi, deb xabar berdi vazilik axborot xizmati.

marifat.uz

Free WordPress Themes