Prezident maktablariga o‘qishga kira olmaganlar qayerda tahsil olishi ma’lum qilindi - Dono.uz

Prezident maktablariga o‘qishga kira olmaganlar qayerda tahsil olishi ma’lum qilindi

Xalq ta’limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining qo‘shma qarori bilan Prezident maktablarining asosiy imtihonlaridan yiqilgan, ammo imtihonda yuqori ball olgan nomzodlarni imtihonsiz, qo‘shimcha kvota asosida qabul qiluvchi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Ro‘yxatga Qoraqalpog‘istondagi 11 ta, Namangandagi 20 ta, Xorazmdagi 20 ta va Toshkent shahridagi 14 ta ixtisoslashtirilgan maktablar kiritilgan.

Prezident maktablarining 5- va 7-sinfida o‘qish uchun hujjat topshirgan, asosiy imtihonlarda 25-o‘rindan boshlab quyi o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘rnatilgan tartibda qabul qilinadi. Qabul jarayonida ketma-ketlik nomzodlarning to‘plagan ballariga asoslanadi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga 5-sinfga 1100 nafar o‘quvchi, 7-sinfga esa 525 nafar o‘quvchi qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qiladi.

“Ota-onalar ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga hujjatlarni rasmiylashtirish uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalari hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga murojaat etishlari mumkin. Shu bilan birga maktab vakillari ham ota-onalar bilan bog‘lanadi”, deyiladi XTV saytida e’lon qilingan rasmiy xabarda.

Free WordPress Themes