Xitoyga 7 kun bepul sayohat (foto+video) - Dono.uz

Xitoyga 7 kun bepul sayohat (foto+video)

Sizga ma’lumki, bugun Farg‘ona matbuotida bolalar juralistikasida salmoqli o‘rin tutayotgan nashrlar barmoq bilan sanarli. “Dono nashriyoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan chop etib kelinayotgan “Bilimdon”, “Znayka”, “Dono vord”, “Excellent” jurnallari yosh mushtariylarning mehrini qozonib, o‘z sahifalarida bolalarbop materiallarni chop etishda katta tajribaga ega.

Respublikamizning har bir maktabida ana shu jurnallarning o‘z muxlisi bor. Ayniqsa, ushbu jurnallar tomonidan tashkil etib kelinayotgan sovrinli o‘yinlarda ko‘plab o‘g‘il-qizlar g‘olib bo‘layotgani va ularning rag‘batlantirilayotgani nashrlarning adadi va mazmuni boyishiga hissa qo‘shmoqda.O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi kabi o‘nlab yirik tashkilotlar nashriyotning ko‘p yillik hamkorlari hisoblanishadi. Jurnallar “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 27 ta davlatga qatnaydigan samolyotlarida ham o‘quvchilarga tarqatiladi.

“Dono nashriyoti” xorijiy diplomatik korpuslar bilan ham samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xususan, nashriyot va Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Siz Xitoyni bilasizmi?” nomli viktorina tashkil etildi. Mazkur viktorinadan asosiy maqsad o‘zbek yoshlarini Xitoy bilan yaqindan tanishtirish va o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlashdir.“Bilimdon”, “Dono vord”, “Znayka” va “Excellent” jurnallarida Xitoy haqida viktorina savollari chop etildi. Unda 2 ming 500 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etib o‘z javobini yo‘lladi. Hakamlar hay’ati tomonidan viktorinaning 20 nafar g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

Savollarga to‘g‘ri javob yo‘llab eng ko‘p ball yiqqan 3 nafar g‘oliblar Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi homiyligida mazkur mamlakatga 7 kunlik bepul yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Ularni 31 avgust — 6 sentyabr kunlari Pekin, Shanxay shaharlarida qiziqarli sayohat kutmoqda. Ushbu tanlovda faxrli 1-o‘rinni Farg‘ona shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Firdavs Obidov egalladi. 2-o‘ringa esa Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 40-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Javohir Qodirjonov, 3-o‘ringa Buxoro shahridagi 21-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi Daler Hikmatov sazovor bo‘ldi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida “Dono nashriyoti” MChJ direktori Donoxon Hamroqulova, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov ishtirok etdi.

– Biz maktabimizda barcha bolalar gazeta va jurnallari, ayniqsa, “Znayka”ni qo‘ldan qo‘ymasdan o‘qiymiz. Xitoyga sayohat qilishimni eshitib sinfdoshlarim juda havas qilishdi, – deydi viktorina g‘olibi Javohir Qodirjonov. – Ular ham endilikda sevimli jurnallarimizda e’lon qilinayotgan tanlovlarni muntazam kuzatib borishmoqchi. Tahririyat a’zolariga katta rahmat!

Ahror ZIYО, Madaminjon SOLIJONOV

Free WordPress Themes