Kitob – xalqlarni birlashtiradi - Dono.uz

Kitob – xalqlarni birlashtiradi

Soʻz “Tashkent Book Fest – 2019” birinchi xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi ishtirokchilariga:

Shuhrat Rizayev, adabiyotshunos olim:

– Dunyo miqyosida kitob yarmarka va koʻrgazmalari turli koʻrinishda, shaklda oʻtkazib kelinadi. Germaniyaning Frankfurt, Rossiyaning Moskva shahridagi kitob yarmarkalarida ishtirok etganmiz. Har gal bizda ham kitoblarga atab xalqaro miqyosda tadbirlar uyushtirilishini kutar, orzu qilar edik.

Bugungi tadbir yurtimizda kitobga boʻlgan mehrning oshayotgani, kitobxonlik eng yuksak darajaga koʻtarilganini koʻrsatmoqda. Kitob koʻrgazma-yarmarkasi anʼanaviy oʻtkazilishi kutilmoqda. Noshirlarimiz va yozuvchilarimiz bugun xorijlik mehmonlardan xalqaro tajribalarni oʻrganmoqda. Kitob dizayni, shakli boʻyicha bahslashmoqda, ularni targʻib qilish, sotish usullari haqida oʻrtoqlashmoqda.

Cho Chol Xyon, yozuvchi (Koreya Respublikasi):

– Oʻzbekistonliklar qadimdan kitobni sevgan. Xalqingizning iqboli baland, chunki Shavkat Mirziyoyevdek fidoyi, xalqparvar Prezidenti bor. Mamlakatingiz rahbarining faoliyatini shaxsan kuzatib shunga amin boʻlganmanki, u kishi xalqi va uning kelajagi uchun qoʻlidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda. Xalqning farovon turmushi uchun ertayu kech zahmat chekmoqda. 2017-yil yanvar oyida mamlakatingiz rahbari Koreya Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Oʻshanda Prezidentingiz bilan uchrashib, u kishiga boʻlgan hurmatim yanada ortdi. Rahbarlik faoliyati va salohiyatiga mehrim tushdi va kitob yozishga qaror qildim. Natijada, ikki tomdan iborat “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli asarimni yozdim. Kitob xalqingiz tomonidan iliq kutib olindi, oʻzbekistonlik hamkasblar tomonidan yuqori baholanmoqda. Bugun kitob koʻrgazma-yarmarkasi ham meni yanada ruhlantirdi. Oʻzbekiston va uning ajoyib xalqi haqida yangi mavzularda yozishga undamoqda.

Muhsin Purmuhsiniy, Eron elchixonasi vakili:

– Yer yuzida ilk yaratilgan kitoblarning eng nodirlari forsiy va turkiy tilda yaratilgan. Jaloliddin Rumiy, Hofiz, Saʼdiy Sheroziyni bilmagan ulardan bir misra yod olmagan inson yoʻq. Eron adabiyoti boy xazinaga ega. Biz ham ushbu koʻrgazmada milliy adabiyotimizning mumtoz namunalaridan tortib, zamonaviy adabiyot durdonalarigacha targʻib qilmoqdamiz.

Bugun oʻzbek kitobxoni Rumiyni anglab oʻqiyapti, Sheroziy sheʼrlarini yod olib, Hofiz gʻazallarini qoʻshiq qilib kuylamoqda. Ikki millat maʼnaviy xazinalari bir-biriga chambarchas bogʻlangan. Hazrat Navoiyning asarlarini butun dunyo oʻqimoqda. Bugungi zamon oʻzbek adiblarining asarlari ingliz, rus, arab va fors tillariga tarjima qilinib yangi ovozlar boʻy koʻrsatmoqda. Shu oʻrinda nufuzli xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasining oʻtkazilishi ijodkorlarga qanot boʻlsa, noshirlar uchun tajriba va amaliyot almashishga, mamlakatda kitob atalmish maʼnaviy xazinani keng targʻib etishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Saidiy Bahodir, Bangladesh elchixonasi vakili:

– Nufuzli tadbirda bangladesh xalqi tarixi va adabiyotini targʻib qiluvchi kitoblar bilan qatnashayapmiz. Talaba-yoshlar, oʻquvchilar biz taqdim etayotgan kitoblarga katta qiziqish bildirmoqda. Olim va mutaxassislar bilan fikr, tajriba almashyapmiz. Nashriyotlar bilan hamkorlik qilib alohida bannerlar, koʻrgazmalar tashkil etishni maqsad qilib oldik.

Oldimizda maqsadlar koʻp. Oʻzbekiston tarixi va bugungi sayyohlik salohiyati targʻib qilingan kitoblarni, badiiy adabiyotlarni Bangladeshda ham targʻib qilishni rejalashtirayapmiz.

Free WordPress Themes