Chekka hududlarga mobil va modulli “bog‘cha”lar boradi - Dono.uz

Chekka hududlarga mobil va modulli “bog‘cha”lar boradi

Bog‘cha qurish imkonsiz bo‘lgan chekka qishloqlar, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan aholi yashash hududlari uchun mo‘ljallangan mobil va modulli maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT)ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Turin politexnika universitetida tashkil etilgan taqdimotda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan qayta jihozlangan 16 ta avtobus, bolalar maydonchalari bo‘lgan ikkita avtoturargoh va 2 ta modulli MTT namoyish etildi.

Isuzu HC 40 rusumli avtobuslar asosida harakatlanadigan MTT belgilangan yo‘nalish bo‘ylab faoliyat yuritadi. Ko‘chma guruhlarda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 16 nafar bola 3 soat davomida tarbiyalanadi.

Darslarni tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli  bo‘lishi uchun vazirlik mutaxassislari tomonidan turli yoshdagi guruhlar mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqilgan. O‘qituvchilar esa tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan.

O‘quv-tarbiyaviy jarayon ikki smenada tashkil etiladi va bolajonlar yengil ovqat bilan ta’minlanadi. Mashg‘ulotlarning katta qismi ochiq havoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun har bir yo‘nalish nuqtasida avtoturargohlar chodir, to‘siqlar, o‘rindiqlar, tepaliklar, arg‘imchoqlar, o‘yin uychalari va qum maydonchasi bilan jihozlanadi.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shinning ta’kidlashicha, ko‘chma va modulli bolalar bog‘chalarining tashkil etilishi mintaqalardagi MTT yetishmovchiligini kamaytirishga xizmat qiladi.

“Maktabgacha ta’lim vazirligining ikki yillik faoliyati davomida, respublika miqyosida 120 ta yangi davlat MTT ochildi, lekin bu yetarli emas. Agar Toshkentda 80,6 foiz bog‘cha yoshidagi bolani maktabgacha ta’lim bilan qamrab olgan bo‘lsak, poytaxt va yirik shaharlardan tashqarida bu ko‘rsatkichlar ancha past. MTTga bormaydigan bolalar 90 foizni tashkil etadigan hududlar ham mavjud. Qurilish — uzoq vaqt talab qiladigan va qimmatga tushadigan jarayon bo‘lib, ba’zi joylarda elektr va kanalizatsiya bilan bog‘liq muammo mavjud. Maktabgacha ta’limning muqobil shakllari qisqa vaqtda joriy etilishidan tashqari, kamroq xarajat talab qilishi bilan ham ajralib turadi. Uzoq va chekka hududlardagi kam sonli bolalar uchun oddiy MTTni qurishdan ko‘ra, 7 ta modulli yoki 7 harakatlanuvchan (avtobuslar yordamida) MTTni joriy etish o‘sha hududlarda yashovchi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan tezroq qamrashga ko‘mak beradi”, — dedi vazir Agrippina Shin.

Mobil MTT loyihasi doirasida “O‘zavtosanoat” mutaxassislari avtobuslarni qayta jihozlab, haydovchilarni o‘qitgan. Shuningdek, sho‘ba korxonalari negizida bolalar maydonchalari uchun mebel va aksessuarlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

“Ishlab chiqarish butunlay mahalliylashtiriladi, bu esa kerak bo‘lgan vaqtlarda avtoparkni tezda kengaytirishga imkon beradi. Bundan tashqari, biz har bir joyda yo‘nalish va vaqtni nazorat qilib borish uchun avtobuslarga GPS-trekerlarini o‘rnatamiz”, — dedi “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi Shavkat Umrzoqov.

Maktabgacha ta’lim vazirligi maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, modulli MTT har bir tuzilma bir-biriga bog‘langan to‘rtta dengiz konteyneridan iborat bo‘ladi. Asosiy joy bolalar mebellari, o‘yinchoqlari va o‘quv materiallari bilan jihozlangan mashg‘ulot va o‘yin maydoni uchun ajratilgan. To‘liq kunlik guruhlar uchun yengil bo‘lgan, yig‘iluvchan karavotlar ko‘zda tutilgan.

“Modulli va mobil MTT bugungi kun ehtiyojlariga tezkor va samarali yechim bo‘ladi. Ular infratuzilmalarga bog‘liq bo‘lmaydi, chunki ular barcha zarur narsalar bilan jihozlangan: hojatxona, issiq va sovuq suv ta’minoti, tayyor ovqatni isitish uchun oshxona, konditsionerlar bilan jihozlangan, avtobuslarda esa quyosh batareyalari o‘rnatilgan”, — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Mirziyoyeva xonimning qo‘shimcha qilishicha, mobil MTT loyihasi respublika bo‘yicha 44 ta manzilda amalga oshiriladi. Ular orqali 2 ming nafar bola qamrab olinadi va bepul bo‘ladi.

Mobil va modulli MTTni qurish hamda pardozlash ishlarida issiq hamda olovga chidamli va sog‘liq uchun zararsiz bo‘lgan materiallar qo‘llaniladi.

Free WordPress Themes