Oʻquvchi – yoshlar oʻrtasida “Yil hikoyasi” koʻrik-tanlovi gʻoliblari aniqlandi - Dono.uz

Oʻquvchi – yoshlar oʻrtasida “Yil hikoyasi” koʻrik-tanlovi gʻoliblari aniqlandi

Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan bu yil ilk bor oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Yil hikoyasi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Kecha Namanganda tanlovning respublika bosqichi tashkil etildi. Unda maktab, shahar va tumanlar hamda viloyat bosqichlarida ustunlikka erishgan isteʼdodlar ishtirok etdilar.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligidagi tanlov kitobxonlikni targʻib qilish orqali kelajagimiz egalarining maʼnaviy dunyosini boyitish, mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularning hikoyanavislik qobiliyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan.

Tanlov hayʼati tomonidan yosh hikoyanavislarning ijodiy ishlarini baholashda mavzuning toʻliq ochib berilganligi, maʼno va mazmun jihatdan taʼsirchanligi, ijodiy ishlarining matbuot nashrlarida yoritilgani, kitobxonlik borasidagi tanlov va tadbirlardagi faol ishtirokiga eʼtibor qaratildi.

Natijalarga koʻra, Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-DIUMning 10-sinf oʻquvchisi Lobarxon Jalolova hamda Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomli ijod maktabi 9-sinf oʻquvchisi Muattarxon Mamatkarimova “Yil hikoyasi” koʻrik-tanlovining mutlaq gʻolibi, deb topildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi 42-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Aziza Ataniyazova hamda Surxondaryo viloyati Muzrabod tumanidagi 2-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Guljahon Ergasheva 2-oʻrinni qoʻlga kiritdilar. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 53-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Odina Muhammadaliyeva hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 4-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Gavharshodbegim Nosirova esa 3-oʻringa munosib koʻrildi. Shuningdek, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 229-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Mino Rahimova nominatsiya sohibi boʻldi.

Gʻolib va sovrindorlarga koʻrik-tanlov diplomi va esdalik sovgʻalarini Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Ibrohimjon Joʻrayev topshirdi. Adabiyot, maʼnaviyat va badiiy ijodga oshnolik bilan yuksak tafakkur egalari sifatida yakuniy bosqichgacha yetib kelgan va isteʼdodini namoyon etgan barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Free WordPress Themes