2030-yilgacha bitiruvchilarning 50 foizi oliy ta’limga qabul qilinadi - Dono.uz

2030-yilgacha bitiruvchilarning 50 foizi oliy ta’limga qabul qilinadi

2030-yilda o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish 50 foizga yetkazilishi lozim. Prezident oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Konsepsiya doirasida 2030-yilgacha erishilishi rejalashtirilayotgan 70 dan ziyod maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Xususan bitiruvchilarni oliy ta’limga qamrab olishni hozirgi 20 foizdan 50 foizga oshirish, nodavlat OTMlar sonini, jumladan davlat-xususiy sherikchilik (DXSH) hisobiga 5 tadan 35 taga yetkazish, kredit-modul tizimi qamrovini 2 foizdan 85 foizga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Oliy ta’lim sohasida DXSHni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish konsepsiyaning asosiy maqsadlaridandir.

O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakat OTMlar flagmaniga aylantirish mo‘ljallangan.

Respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish maqsad qilingan.

Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkaziladi.

Xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni шакллантиришга yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish maqsad qilingan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 114 ta, jumladan 93 ta milliy va 21 ta xorijiy OTM hamda ularning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Free WordPress Themes