Savodxonlik pastligi sababini alifbodan izlash kerakka o‘xshaydi - Dono.uz

Savodxonlik pastligi sababini alifbodan izlash kerakka o‘xshaydi

30 yil ortga nazar

1989 yil o‘zbek tilining davlat tili maqomi olishi ulkan hodisa, katta g‘alaba, istiqlol debochasi bo‘ldi. Rasmiy mavqeini yo‘qotgan, maishiy, “uy-ro‘zg‘or” muloqoti vositasi darajasiga tushib qolgan tilimiz bukilgan qaddini rostlab oldi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamashunoslik qo‘mitasi ish boshladi, korxona va muassasalarda davlat tilini bilmaydigan xodimlar uchun maxsus kurslar tashkil qilindi. Rus tilidagi turli soha adabiyotlarini o‘zbek tiliga o‘girish qizg‘in tus oldi, ona tiliga hurmat uyg‘otish borasida targ‘ibot-tashviqot kuchaydi.

Natijada o‘z ona tilida emin-erkin so‘zlasha oladigan, til borasida kamsitish, cheklashlardan xoli yangi avlod yetishib chiqdi. O‘zbek tilining lug‘at tarkibi tozalandi, mavjud bo‘la turib unutilgan so‘zlar qaytarildi va yangidan-yangi so‘zlar bilan boyidi.

Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor singari buyuk so‘z ustalari ijodida o‘z go‘zalligi, boyligi, bitmas-tuganmas ifoda imkoniyatlarini namoyon qilgan o‘zbek tili ilm-fan va rasmiy muloqot tili sifatida ham o‘z salohiyatini ko‘rsata boshladi.

Hozirgi kunda o‘zbek tili rasmiy ish yuritish tili sifatida barcha sohalarda barqaror mavqedami? Davlat tili maqomini olgan tilimiz, haqiqatan ham, xalqaro hujjatlarda o‘z maqomi darajasida ishlatilyaptimi? Davlat tili haqidagi qonun tilimizga bergan imkoniyatlardan to‘liq foydalanyapmizmi? Afsuski, bu savollarga to‘la ishonch bilan “ha” deb javob bera olmaymiz.

Negaki…

Nufuzli idoralarda hujjatlar hali ham rus tilida yuritilyapti. Ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlar, e’lonlar hamda reklamalarning aksariyati davlat tilida emas. Korxona va muassasa blanklari, do‘konlardagi cheklar, chiptalar, taomnomalar va h.k. hanuz o‘zbekchalashtirilmagan. Bularning bari ko‘ngilga g‘ashlik soladi.

O‘rta maktabni bitirib, oliy ta’lim muassasasiga qadam qo‘ygan yoshlar orasida o‘zbek tilida yozma savodxonlikning pasayib ketganligi ham jiddiy tashvish.

Hozirga qadar muomalada ikki yozuvdan foydalanilayotganimiz bois rasmiy idora va tashkilotlarda o‘zbek tilida ish yuritishdan ko‘ra xizmat yozishmalarini rus tilida rasmiylashtirish afzal ko‘rilyapti. Yil sayin yozuv bilan bog‘liq muammo jiddiy tus olmoqda.

Umumiy savodxonlikning pasayishi, mutolaa madaniyatining tushib ketganligining sababini alifbodan izlash kerakka o‘xshaydi. Sababi til taraqqiyoti yagona yozuv va imlo qoidalarining mukammalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham bu borada bir to‘xtamga kelish fursati keldi. Bizningcha, muammo yangi alifboning nomukammalligida emas, eskisidan voz kecha olmayotganimizda.

Yana bir muhim muammo kadrlar tayyorlashda til ta’limi bilan bog‘liqdir. Hozirgi kunda ta’lim sohasida ilg‘or jahon tajribalarini qo‘llash keng tus olganligi tahsinga sazovor. Biroq o‘zbek tilini o‘qitish masalasiga faqat xorij tajribasidan kelib chiqib yondashish bilan cheklanmaslik kerak, deb o‘ylaymiz. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ona tili oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilmaydi, maktab ta’limi bilan chegaralanadi. Lekin maktab o‘z bitiruvchisida tilga qo‘yiladigan talablarni to‘liq shakllantiradi. Bizda ayni masalada ahvol qanday? Mavjud vaziyat o‘rta maktab bitiruvchisining til tayyorgarligi qoniqarsiz holatda ekanligini ko‘rsatmoqda.

Tan olishga majburmiz

Ta’limni rus tilida tamomlagan talabalarga o‘zbek tilini o‘qitish asnosidagi kuzatish hamda tajribamizdan xulosa shuki, o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim jarayonida ona tili va o‘zbek tili fanlarini o‘qitish dasturlari jiddiy isloh qilinishga muhtoj. O‘rta maktabni rus tilida tamomlagan yoshlar bilan bir qatorda o‘zbek maktabi bitiruvchilarining ham davlat tili savodxonligi past darajada ekanligini tan olishga majburmiz. Zamonaviy metodikada til ta’limining maqsadi o‘quvchi shaxsini rivojlantirishga xizmat qiladigan, xususan, kommunikativ, lisoniy, madaniy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Ayniqsa, rus guruhlarida o‘zbek tilini o‘rgatishda izchil tizimli yondashuvning o‘zi yo‘q. Leksik materiallar eskirgan. Ayni yo‘nalishdagi ta’lim amaliyotdan yiroq. Bu kabi jihatlar o‘quvchilarning o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqishini butunlay so‘ndiradi. Eng yomoni, til borasida chalasavod bitiruvchi yetishib chiqadi. Demak, uni yana o‘qitish kerak.

Oliy ta’limda o‘zbek tilini o‘qitish qanday holatda?

Sir emas, hozirgi kunda kadrlarning til savodxonligi darajasi talabga javob bermayapti. Mamlakatimizda o‘z ixtisosligi bilan bir qatorda xalqaro tillarni mukammal biluvchi, faqat davlat tili emas, rasmiy muloqot tili borasida ham puxta bilimli xodimlarga ehtiyoj katta.
Bu esa, o‘z navbatida, oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili ta’limini davom ettirilishini, davlat tilida erkin fikrlay olish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘quv fanlarini joriy etish zaruratini taqozo etadi.

Xorij tajribasiga nazar solsak, oliy ta’lim dasturlariga ona tili fani kiritilmagan, lekin yuqorida sanab o‘tilgan til ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan bir qator fanlar mavjud. Xususan, “Nutq o‘rganishga kirish”, “Yozma nutq”, “Siyosiy nutq”, “Ommaviy muomala nutqi” kabi. Ular talabaning ma’lum malaka ko‘nikmalarini, xususan, soha tili, rasmiy yoki ilmiy nutq, yozma nutq savodxonligi, nutq madaniyati va notiqlik mahoratini shakllantirishga qaratilgan.

Fikrimizcha, bizda ham ta’lim jarayonida til, xususan, o‘zbek tilini o‘qitish dasturlarini kadrlarga qo‘yiladigan malaka talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Shuningdek, u yoki bu ko‘nikmani shakllantirishga mo‘ljallangan maxsus til fanlarini, ya’ni soha tilini chuqurroq egallashga e’tibor qaratish zarur.

Mehribon ABDURAHMANOVA,
Shoira NORMATOVA,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbek va rus tillari kafedrasi o‘qituvchilari.

Free WordPress Themes