Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi 100 yoshda - Dono.uz

Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi 100 yoshda

P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi tashkil etilganiga 100 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan ijod maktabida tashkil etilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zolari, rassomlar, san’at arboblari, professor-o‘qituvchilar, diplomatik korpus vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi 1919 yilda Toshkent rassomlik texnikumi va P.Benkov nomidagi Samarqand rassomlik bilim yurti negizida Toshkentda tashkil qilingan. Bilim yurtida dastlab rassom-o‘qituvchilar, teatr sahna bezagi, haykaltaroshlik bo‘limlari bo‘lgan. Keyinchalik amaliy san’at, ganch, yog‘och o‘ymakorligi, kandakorlik, gilam to‘qish kabi yo‘nalishdagi bo‘limlar ham tashkil etildi.

Mamlakatimizning XX asr tasviriy san’ati xazinasiga munosib hissa qo‘shgan Pavel Petrovich Benkov, Aleksandr Nikolayevich Volkov, Zinaida Kovalevskaya, Abdulhaq Abdulllayev, Malik Nabiyev, Lutfulla Abdullayev, Rashid Timurov, Rahim Ahmedov, Eduard Qalandarov, Ro‘zi Choriyev, Ne’mat Qo‘ziboyev, Zokir Inog‘omov, Qutlug‘ Basharov, Shuhrat Abdurashidov, Telman Muhamedov va boshqa yuzlab rassomlarning ijodiy tarjimai holi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Tadbir doirasida maktab pedagog jamoasi to‘plagan tarixiy fotosuratlar, bilim yurti bitiruvchi o‘quvchilarining ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Free WordPress Themes