Uyga vazifa — ijodiy ish - Dono.uz

Uyga vazifa — ijodiy ish

Har bir o‘quvchidan sinfda olgan bilimini mustahkamlashi uchun uyga vazifani to‘liq bajarish talab etiladi. Buning uchun mashg‘ulotning yakuniy qismidagi jarayonda o‘qituvchi mavzu mazmunidan kelib chiqib tushuncha beradi.

Biz pedagoglar 45 daqiqalik dars senariysini tuzar ekan­miz, uyga vazifa uchun qisqa vaqt ajratamiz yoki uni ham tejab, yo‘l-yo‘lakay topshiriqni e’lon qilish bilan cheklanamiz. Pedagogik kuzatuvlarim ham shuni tasdiqladi: aksariyat hollarda hamkasblarimiz jarayonga katta ahamiyat bermaydi. Vaholanki, darsdan keyingi mustaqil o‘qishga, topshiriqlarni bajarishga yo‘naltirila­digan vazifalar haqida to‘liq to‘xtalib o‘tmas ekanmiz, ta’limiy va tarbiyaviy maqsadga erisha olmaymiz. Shu o‘rinda yangicha yondashuv, ya’ni o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga chorlaydigan, har bir mavzu amaliyotdan nazariyaga moslangan, asosan kreativlikni shakllanti­rishni maqsad qilgan yangi avlod darsliklaridagi uyga vazifa uchun berilgan topshiriq­lardan misollar keltirsak.

8-sinf “Ona tili” darsligidagi (Toshkent, 2019, 12-bet) topshiriq. Mavzu: Olmosh va uning turlari (quyi sinfda o‘tilganlarni mustahkamlash):

Uyga vazifa. 22-mashq: “Kim birovga choh qazisa, unga o‘zi yiqiladi” maqoli asosida matn yarating va uni sinfdoshlaringiz huzurida telenutq sifatida og‘zaki ifodali bayon etishga tayyorlaning.

O‘ylab ko‘raylik-chi, ushbu top­shiriq­ni shunchaki e’lon qilsak, o‘quvchi qay darajada bajaradi? Axir bir sinfda o‘zlashtirish darajasi har xil o‘quvchilar jamlangan! To‘g‘ri, ijodkor o‘quvchilarda mavzuni eshitiboq g‘oya tug‘iladi. Ammo bu ko‘rsatkich necha foizni tashkil etadi? Ijodiy ish, jumladan, matn yaratishdan avval suhbat o‘tkazilishi, mavzuga bog‘lab, so‘z o‘rnida so‘z qo‘llanishini kuzatish uchun namunalar berilsagina, o‘quvchini mustaqil yozishga yo‘naltira olamiz. Xo‘sh, bu jarayon qancha vaqtni o‘z ichiga oladi?

Yoki 32-mashqni olaylik: “Onajonim — mehribonim” mavzusida insho yozish uchun uyda tayyorgarlik ko‘ring. Ishni quyidagi tartibda amalga oshiring:

— onalar haqida donolar fikrini o‘rganing;

— rivoyat, hikoyat va maqollar, onalarga bag‘ishlangan zamonaviy she’riy va nasriy asarlar bilan chuqur tani­shing;

— o‘zlashtirgan fikrlaringizni tas­niflab, tartibga keltirib oling;

— fikrlar tasnifi va tartibi asosida reja tuzing;

— rejangizda katta masalalardan kichik masalalarga (umumiydan xususiy­ga) o‘tib borishga harakat qiling.

Ko‘rib turganingizdek, uyga vazifani bajarish shartlari bilan o‘quvchi tanishguncha vaqt ketadi. O‘qituvchi esa aynan zarur bo‘lgan vaqtni tejaydi, oqibatda ertasi kuni shogirdining bajara olmagan ishi uchun qayta tushuncha beradi, individual ishlaydi. Ham vaqt, ham mehnat ikki hissa sarflanadi.

Aziz hamkasbim, darsimiz xotimasi va hosilasiga ko‘proq e’tibor beraylik! Shunday dars uslublaridan foydalanaylikki, mashg‘ulot boshlangan daqiqadan to tugaguncha uzviylik bo‘lsin. Shunday vaqt taqsimotini tuzaylikki, darsning har bir tarkibiy qismi, shuningdek, uyga vazifa ham o‘z o‘rnida namoyon bo‘lsin. Zero, uyga vazifalar yordamida bilimlar sayqallanadi.

Dildor NURMUHAMMEDOVA,

Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi

Free WordPress Themes