Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus festivallari o‘tkaziladi - Dono.uz

Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus festivallari o‘tkaziladi

Joriy yilning oktabr-noyabr oylarida respublika miqyosida “Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivallari o‘tkaziladi.

Mazkur fetival o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish va sportga jalb etish, axborot-texnologiyalari hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish uyg‘otish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish maqsadida tashkil etilmoqda.

5 ta tashabbus doirasida bo‘lib o‘tadigan festivallar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
a) madaniyat va san’at – xor jamoalari, teatr studiyalari, vokal, milliy raqs, musiqa cholg‘uchiligi to‘garaklarining taqdimotlari, quvnoqlar va zukkolar;
b) jismoniy tarbiya va sport – badantarbiya mashg‘ulotlari, jamoaviy o‘yin turlari, gimnastradalar, shaxmat, shashka va boshqa sport turlaridan seksiyalar taqdimotlari;
d) kompyuter texnologiyalari – kompyuter o‘yinlari (kibersport), dasturlash, robototexnika va injenerlik to‘garaklarining taqdimotlari;
e) kitobxonlik – kitobxonlik kechalari, davra suhbatlari, bahru bayt, eng faol kitobxon o‘quvchi, kitobxonlik klublari o‘rtasida zakovat intelektual o‘yinlari, kitob taqdimotlari, kitobxonlik aksiyalari;
f) qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish – qizlarjon klublarining faoliyati, pazandachlik, qandolatchilik, tikuvchilik to‘garaklari taqdimotlari, hunarmand qizlarning “Hand made” ko‘rgazmalari.

Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha oktyabr-noyabr oylarida umumta’lim maktablarida 5 ta tashabbusni o‘z ichiga qamrab olgan tarmoq tadbirlari o‘tkaziladi. Tadbirlarda olingan foto va videolavhalardan 5 ta besh daqiqadan ortiq bo‘lmagan videoroliklar tayyorlanadi. Ularni joriy yilning 1 dekabr kuniga qadar #maktabimizda_5_tashabbus_fest xeshtegi bilan facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan 5tashabbus_maktabda guruhiga joylashtiriladi.

Videoroliklar joriy yilning 10 dekabriga qadar guruhda jamoatchilik fikri va Xalq ta’limi vazirligida tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan quyidagi mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi:
a) jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar;
b) videorolik joylashtirilgan havolaga bosilgan yoqtirish belgilari (layklar);
d) videorolikning ulashilganligi soni;
e) videorolikning sifatliligi;
f) tarmoq tadbirlarining belgilangan tartibda va yuqori darajada o‘tkazilganligi;
g) o‘qituvchi va o‘quvchilarning jalb qilinganligi;
h) ijodiy yondashuv va original g‘oyalar asosida amalga oshirilganligi;
i) o‘quvchilarga rivojlantiruvchi hamda motivatsion ta’sir xususiyati;
j) amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi;
k) umumta’lim maktabida 5 ta tashabbusni joriy etilganligini videorolikda ko‘rsatib bera olganligi.

Videoroliklar 100 ballik tizimda, ko‘rsatilgan mezonlar asosida har bir mezon uchun 10 balldan baholanadi.

5 ta tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha har bir hududdan eng yaxshi deb topilgan 15 tadan, jami 210 ta videorolik g‘olib deb e’lon qilinadi.

Faol ishtirok etgan umumta’lim maktablari munosib rag‘batlantiriladi.

G‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi 23-27 dekabr kunlari o‘tkaziladi. G‘olib deb topilgan umumta’lim maktablari Xalq ta’limi vazirining maxsus diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Free WordPress Themes