Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda - Dono.uz

Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 3 maydagi qarorida o‘quvchi-yoshlarni ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro fan olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtiroki orqali xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish belgilandi.

Bu borada o‘quvchilarimiz O‘zbekiston jamoasi tarkibida Joriy yilning 11-22 iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Bat shahrida bo‘lib o‘tgan 60-Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) 1 ta bronza medali va 3 ta diplomni qo‘lga kiritishdi. 1-6 avgust kunlari esa Janubiy Afrikaning Durban shahrida yuniorlar orasida bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC) O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush, 12 ta bronza medal va 2 ta diplom bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Xalqaro fan olimpiadalariga tayyorgarlik sifatida biologiya, matematika, kimyo, fizika va informatika fanlaridan qo‘shimcha respublika olimpiadalari o‘tkazilishi belgilandi. Ishtirokchilar orasidan eng yuqori ball to‘plagan dastlabki 25 nafari O‘zbekiston terma jamoasining saralash bosqichlarida qatnashadi.

Shu maqsadda, ilk bor Mirzo Ulug‘bek nomidagi respublika matematika olimpiadasi 25-26 oktabr kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilmoqda.

Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani, ayniqsa astronomiya va aniq fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Kelajakda yurtimizdan buyuk allomalarga munosib avlodlar yetishib chiqishi maqsadida matematika olimpiadasiga Mirzo Ulug‘bek nomi berilishi alohida ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda Buxoro viloyatidan ko‘plab respublika hamda xalqaro matematika olimpiadalari sovrindorlari va g‘oliblari yetishib chiqmoqda. Buxoro tajribasining yaratilishi hamda viloyat hokimligining bu borada olib borayotgan sa’y-harakatlari va iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlashini hisobga olib, olimpiada Buxoro shahrida o‘tkazilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 30 oktyabr kuni Farg‘ona viloyatida Abu Rayhon Beruniy nomidagi kimyo, 9 noyabr kuni Xorazm viloyatida Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi fizika, 16 noyabr kuni Toshkent shahrida Al-Xorazmiy nomidagi informatika va axborot texnologiyalari olimpiadalarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Aziz o‘quvchilar, ushbu respublika fan olimpiadalarida ishtirok etib, Xalqaro fan olimpiadalarida O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang.

Free WordPress Themes