Maktablarda II chorakdan boshlab darslar davlat madhiyasini jo‘r bo‘lib kuylashdan boshlanadi - Dono.uz

Maktablarda II chorakdan boshlab darslar davlat madhiyasini jo‘r bo‘lib kuylashdan boshlanadi

O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablarida II chorakdan boshlab dars va mashg‘ulotlar davlat madhiyasini kuylashdan boshlanadi. Bu haqdagi ma’lumotni Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Anvar Umarov tasdiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda vazir o‘rinbosari Dilshod Kenjayev tomonidan 2019 yil 17 oktabr kuni imzolangan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlariga hamda vazirlik tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari rahbarlariga yuborilgan xat fotosurati tarqaldi.

Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi videoselektor majlisi bayonining 6-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, 2019-2020 o‘quv yilining II choragidan boshlab barcha maktablarda darslar va mashg‘ulotlar har kuni O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasini o‘quvchilar tomonidan jo‘r bo‘lib kuylashdan boshlanadi.

Bu o‘quvchilarda vatanparvarlik hissini rivojlantirish hamda davlat ramzlariga nisbatan hurmatni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilishi aytiladi. Mansabdor shaxslardan bu boradagi ishlarni yo‘lga qo‘yish borasida tegishli choralar ko‘rish so‘ralgan.

Free WordPress Themes