Galaktikalar qanday paydo bo‘ladi? - Dono.uz

Galaktikalar qanday paydo bo‘ladi?

Galaktikalar koinotning asosiy tashkil qiluvchisi va milliardlab yulduzlarni o‘z bag‘riga oluvchi makonidir. Xo‘sh, galaktikalar qanday paydo bo‘ladi?

Bu borada zamonaviy ilm-fanda ikkita yetakchi gipoteza mavjud. Ulardan biriga ko‘ra, galaktikalarning har bir alohida olingan favqulodda juda katta gaz-chang bulutidan hosil bo‘ladi deb aytiladi. Ikkinchi gipoteza esa iyerarxik xarakterga ega bo‘lib, u galaktikalar tarkibiy qismlardan “yig‘ilgan”, ya’ni yulduzlarning asta-sekinlik bilan bir yerga g‘uj bo‘lib to‘planishidan galaktika hosil bo‘lgan degan qarashni ilgari suradi. Umuman olganda, olimlar koinotda bir vaqtning o‘zida ushbu har ikkala jarayon o‘zaro uyg‘un kechgan bo‘lishi mumkin degan fikrni ham o‘rtaga tashlagan.

Birinchi ssenariyga ko‘ra, galaktikalar koinotda mavjud bo‘ladigan ulkan sharsimon gaz-chang moddadan shakllanishi nazarda tutiladi. Bunday sharsimon to‘dalar asosan o‘z vodorod yoqilg‘isini tugatib bo‘lgach, favqulodda ulkan o‘lchamlargacha shishib, gigant va o‘ta gigantga aylangan yulduzlar o‘rnida paydo bo‘ladi. Biroq koinotda bunday to‘dalarning yoshi bir-biridan keskin farq qilishi tufayli ushbu ssenariyga unchalik ishonqirashmaydi. Sababi, ayrim sharsimon to‘dalarning yoshi bir necha milliard yillarga teng bo‘lsa, ayrimlari hali juda yoshdir. Yoki basharti bu ssenariy durust bo‘lsa ham, unga ko‘ra, galaktikalar bir necha bosqichlarni o‘tash orqali juda uzoq millionlab yillar mobaynida shakllanishi kerak.

Ikkinchi ssenariy esa koinot ilk paydo bo‘lgan zamonlarda uni liq to‘ldirgan qizigan siyrak qaynoq gazning asta-sekinlik bilan quyuqlashib, sovishidan galaktikalar yuzaga kelishi nazarda tutiladi. Lekin o‘sha ilk hosil bo‘la boshlagan protogalaktika strukturalari hozirgilardan o‘lchamlariga ko‘ra millionlab marta katta bo‘lgan bo‘lishi kerak. U modda ham borgan sari yanada quyuqlashib, markazlashgan joylarda, modda zichligi tobora ortib, hozirda ma’lum bo‘lgan galaktika to‘dalari ko‘rinishigacha zichlashgan deyiladi.

Keyin esa ushbu to‘dalardan alohida-alohida galaktikalar shakllanib, ajralib chiqqan. Keyin esa, ushbu galaktikalarda yulduzlar chaqnay boshlagan va alohida yulduz to‘dalari vujudga kelgan bo‘lishi mumkin.

Aytish joizki, zamonaviy astrofizikada aynan shu, ikkinchi ssenariy ko‘proq obro‘ga ega.

Free WordPress Themes