Farg`ona viloyati hokimi maktab o‘quvchisiga noutbuk sovg‘a qildi - Dono.uz

Farg`ona viloyati hokimi maktab o‘quvchisiga noutbuk sovg‘a qildi

Markaziy Farg‘ona cho‘li hududiga qadam qo‘yarkanmiz, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Yozyovonda yoz yomon, qizdirarmish oftoblar” deb boshlanadigan she’ri yodimizga tushdi. Said Ahmadning “Ufq” romanidagi qahramonlar gavdalandi. Bepoyon to‘qayzorlar o‘rnida bugun bog‘-rog‘lar, obod maskanlar barpo etilgan bo‘lib, qishloqlar kundan-kunga chiroy ochmoqda. Bugun Yozyovon tumanida katta o‘zgarishlarning, yangilanishlarning guvohi bo‘lasiz. Odamlarning turmush darajasi ham oshib, islohotlar o‘zining amaliy samaralarini ko‘rsatmoqda. Birgina “Obod qishloq” dasturi asosida Qatortol, Qoratepa, Yangiobod, Takalik, Ishtirxon kabi qishloqlar obod maskanga aylandi.

Tuman markazidan 35 kilometr uzoqlikdagi “Yangi bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini qum barxanlari bilan tutashgan hududda joylashgan. Yig‘inda 124 ta xonadon bo‘lib, 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Dastur asosida joriy yilda bu yerda ham keng ko‘lamdagi obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari bajarildi. Ko‘chalarga asfalt yotqizildi, ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev eng chekka hudud hisoblangan mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi. O‘z yechimini topolmayotgan muammolarini tinglab, amaliy hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. Qo‘qon – Andijon avtomobil yo‘lida aholi uchun bozorcha qurib berishni va’da berilgani yangi bo‘stonliklarni quvontirib yubordi.

Bugungi kunda Xalq qabulxonalari va sektorlar rahbarlarining aholi muammolari bilan ishlashi yangi strategiya va tizim asosida tashkil etilmoqda. Aholi bilan muloqot yangicha yondashuv – davlat idoralarining bevosita birinchi rahbarlari eng og‘ir, eng chekka, eng olis hududlarga chiqqan holda, mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish asosida tashkil etishga kirishildi. Viloyat Xalq qabulxonasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning o‘tgan davrida 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 94 ta qabullar o‘tkazilib, 5 ming 293 ta murojaatlar kelib tushgan. 3 ming 225 ta murojaat amaliy hal etilib, qolgani nazoratga olingan. Shuningdek, shahar va tumanlarda uyma-uy yurish natijasida aniqlangan aholini qiynab kelayotgan muammolarni sektor rahbarlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar xodimlari birgalikda hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Viloyat hokimining chekka qishloqdagi uchrashuvida ishchi guruh tomonidan 55 ta xonadonga kirilib, u yerda yashovchi aholi bilan suhbatlashildi. Qishloqda maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish, ko‘mir bilan ta’minlash, bandlik kabi masalalarda muammo aniqlangan. Ularni hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

33-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sayfiddin Rayimboyev 2-guruh nogironi bo‘lsa-da, axborot texnologiyalarini o‘rganishga qiziqadi. U anchadan buyon o‘zining shaxsiy kompyuteri bo‘lishni orzu qilardi. Qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda uning bu orzusi ushaldi. Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev bu o‘quvchiga noutbuk sovg‘a qildi.

Bu kabi samimiy muloqotlar aholining hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirishga keng imkoniyat yaratadi.

Free WordPress Themes