Farg‘onada o‘qituvchi 25 yildan so‘ng oqlandi, prokuror esa undan kechirim so‘radi - Dono.uz

Farg‘onada o‘qituvchi 25 yildan so‘ng oqlandi, prokuror esa undan kechirim so‘radi

Farg‘onada bo‘hton qurboni bo‘lib, sud hukmi bilan oqlangan o‘qituvchidan prokuror 25 yil avvalgi xatolik uchun uzr so‘radi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi kassatsiya sudlov hay’ati tomonidan Bag‘dod tuman sudining 1994-yil 20-dekabrda Tursunxo‘ja Abdurahmonovga nisbatan chiqargan ayblov hukmi bekor qilingan.

Sud hukmiga ko‘ra, Tursunxo‘ja Abdurahmonov bir dona qirqma ov miltig‘ini yotoqxonasidagi yostiq ostida va 41 gramm ko‘knor boshoqlarini mehmonxonasidagi deraza tokchasida qonunga xilof ravishda saqlaganlikda ayblangan va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb qilingan.

Viloyat sudi mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni jinoyat sodir etmagan deb topdi va uni Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan oqladi.

Sudda aniqlanishicha, o‘qituvchilar ish haqini oshirish haqida Prezidentga murojaat qilishgani uchun maktabning ilmiy mudiri Tursunxo‘ja Abdurahmonov o‘sha vaqtdagi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan uyushtirilgan bo‘hton qurboni bo‘lgan.

“Faoliyatim davomida ko‘plab oqlov hukmlari chiqarilgan, lekin bunisi boshqacha bo‘ldi. Jarayon davomida davlat ayblovini quvvatlovchi prokuror Tursunxo‘ja Abdurahmonovga nisbatan oqlov hukmi chiqarish lozimligini aytdi. Undan o‘sha vaqtda yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun uzr so‘radi, sudlov hay’ati oqlov hukmi chiqardi, 70 yoshni qoralayotgan nuroniy otaning ko‘zlaridan esa sevinch va shukurona yoshlari oqdi”, — degan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov.

Free WordPress Themes