Elektron kundalik atrofidagi munozaralar: bepul ta’lim olish huquqi buzilyaptimi? Vazirlik savollarga javob berdi…

2020/21-o‘quv yili boshlanishidan oldin Xalq ta’limi vazirligi Kundalik tizimiga ulangan maktab o‘quvchilarining ota-onalariga qog‘oz kundalik sotib olmasliklari, uning o‘rniga elektron muqobiliga obuna bo‘lish lozimligini ma’lum qilgan edi.

Elektron Kundalik platformasiga yillik obuna narxi qog‘oz kundalikning o‘rtacha narxiga teng — 9 200 so‘m. Uch va undan ortiq farzandi bor oilalar uchun 10 foizlik chegirma mavjud

Ushbu miqdorni to‘lab, ota-ona va o‘quvchining istagan boshqa yaqin qarindoshlari bir kalendar yil davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu elektron tizim 2018 yildan 235 ta maktabda sinovdan o‘tishni boshlagan. Avval, 3 ta sinfdagi sinovlar yaxshi o‘tgach, 54 ta maktabda ham yo‘lga qo‘yilgan. Pandemiya davrida 1200 ta maktabda Kundalik tizimi joriy etildi.

Vazirlik o‘z o‘rnida Kundalik tizimi o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun qulay ekanligini aytmoqda. bugungi kunga qadar elektron Kundalik tizimida ro‘yxatdan o‘tgan maktablar soni 1557 ta bo‘lib, shundan 1482 ta maktab qog‘oz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechgan.

Xalq ta’limi vazirligi Kundalik tizimini joriy etishi yuzasidan odamlarda bir qancha savol va bahsli munozaralar tug‘ilmoqda. Kundalik tizimi pullik ekanligi va bu xizmat xorijiy xususiy firma tomonidan bajarilayotgani ko‘pgina savollarga sabab bo‘lmoqda.

HAR KIM BEPUL TA’LIM OLISH HUQUQIGA EGA. ELEKTRON KUNDALIK UCHUN TO‘LOV BOLANING BU HUQUQINI ChEKLAMAYDIMI?

Kundalik yoki boshqa o‘quv anjomlari maktab tomonidan bepul berilmaydi; ota-onalar har doim o‘z farzandlari uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni o‘zlari xarid qilib kelishgan. Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qog‘oz kundalikdan voz kechilmoqda. Bunda qog‘oz kundalikning o‘rtacha bahosi hisobi olinib, uning elektron muqobiliga yillik obuna 9200 so‘mga baholanmoqda. Shularni inobatga olib Xalq ta’limi vazirligi joriy o‘quv yili boshlanishidan oldin elektron kundalik joriy etilayotgan maktablarning ota-onalariga qog‘oz kundalik sotib olmaslikni so‘rab murojaat qilgan.

ELEKTRON KUNDALIK OTA-ONALARGA, O‘QITUVCHILARGA VA BOLAGA NIMA BERADI?

Kundalikning elektron talqini ota-onaga va bolaning boshqa yaqinlariga darslarni, uy vazifalarni, bolalarning davomatini uydan chiqmasdan turib, ishdan chalg‘imagan holda va hatto chet elda turib ham nazorat qilish imkoniyatini beradi.

Ushbu kundalik yordamida ota-onada bolaning uy vazifasi, davomadi, sharhlar, baholar, maktab hayotidan doimiy xabardor bo‘lish imkoniyati mavjud. Agar uy vazifasini bajarish jarayonida bolada savol tug‘ilsa, u o‘qituvchisiga tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi ham mumkin. O‘qituvchi esa, o‘z navbatida, o‘quvchilarga qo‘shimcha o‘quv materialini taqdim etishi, video darsiga havola yuborishi mumkin bo‘ladi. Ota-onalar tanlash huquqiga egalar: ular ushbu tizim orqali farzandlarining bilim olish darajasini nazorat qilishi va bu bilan uning sifatini oshirib borishi yoki elektron kundalikdan voz kechgan holda bolaning baholarini maktabga borganda bilib turishlari mumkin. Majburiy talablar yo‘q.

Elektron kundalikning afzalliklari juda ko‘p. Bu birinchi navbatda o‘qituvchining vaqtini tejashdir. O‘qituvchilar endilikda qog‘oz jurnalini to‘ldiradigan vaqtini o‘zi va o‘quvchilari ustida ishlashga sarflashi mumkin bo‘ladi. Ko‘p yillar davomida elektron jurnal va kundalik qo‘llanilayotgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘qituvchilar uning yordami bilan har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejay oladi.

QANDAY ASOSLARDA OTA-ONALAR XUSUSIY KOMPANIYA HISOB RAQAMIGA TO‘LOV AMALGA OSHIRISHI KERAK?

Xalq ta’limi vazirligi va Kundalik  tizimi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida shartnoma imzolangan bo‘lib, buning natijasida xususiy sarmoya jalb etilgan holda davlat byudjet mablag‘lari tejaladi. Tejalgan davlat mablag‘lari maktablarning moddiy texnik bazasini rivojlantirishga, ya’ni kompyuter va internet bilan jihozlashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, Kundalik kompaniyasiga tushgan mablag‘lar platformaning texnik infratuzilmasini saqlash, uni rivojlantirish va kengaytirish uchun sarflanadi

Kundalik loyihasi to‘liq Kundalik kompaniyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi, mablag‘lar dasturiy ta’minotni yaratish, ishlatish va saqlashga, tizimni boshqa maktablarda tatbiq etishga sarflanadi.

ELEKTRON KUNDALIK XORIJIY KOMPANIYANIKI BO‘LSA, BU BOLALARNING MA’LUMOTLARINI XAVFGA QO‘YMAYDIMI?

Elektron Kundalik foydalanuvchilari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa o‘quv jarayonidagi shaxsiy ma’lumotlarning ishonchli himoyasini ta’minlaydi. Bundan tashqari, Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalanilganda internet-trafik sarflanmaydi.

KUNDALIK TIZIMI TO‘LOV QABUL QILMASA…

Elektron obunasi uchun to‘lovni 30 noyabrdan e’tiboran amalga oshirish mumkin. 23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlangan. Ota-onalarga o‘zlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini ko‘ra olayotganliklarini tekshirishlari tavsiya etiladi.

  Anora SODIQOVA

Ulashing | Поделись этим: