Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi bo‘yicha kuzgi ta’tilda tadbirlar o‘tkazildi - Dono.uz

Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi bo‘yicha kuzgi ta’tilda tadbirlar o‘tkazildi

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida kuzgi ta’til kunlari turli tadbirlar o‘tkazildi. Bu borada Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi dasturilamal bo‘ldi.

Samarqand shahridagi 14-, 23-, 26-, 31-, 69-umumta’lim hamda 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab o‘quvchilarining kuzgi ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida diqqatga sazovor tarixiy obidalar, muqaddas qadamjo hamda muzeylarga sayohat uyushtirildi. Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida sport musobaqalari, yosh rassomlar ko‘rik-tanlovi hamda intellektual o‘yinlar tashkil etilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Ta’tilda o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 11-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Samarqand davlat universiteti tasarrufidagi Abdurahmon Jomiy kutubxonasi bilan yaqindan tanishdi.

1-Mehribonlik uyida “Mehrjon” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi. 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan Hazrati Xizr masjidi, Shohi Zinda majmuasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasiga sayohat uyushtirildi.

Ta’lim muassasalarining ustoz va murabbiylari tashabbusi bilan tashkil etilgan bunday tadbirlar, uyushtirilgan sayohatlar kuzgi ta’til kunlari o‘quvchilarning nafaqat vaqtini mazmunli o‘tkazish, shu bilan birga, tarix, san’at va madaniyat, tabiatga oid bilimlarini oshirish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirishga xizmat qildi.

Free WordPress Themes