“Nobel” mukofoti sovrindori — yurtimizda! - Dono.uz

“Nobel” mukofoti sovrindori — yurtimizda!

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida Innovatsion rivojlanish vazirligi taklifiga ko‘ra yurtimizga kelgan kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mehmon maktab-internat faoliyati bilan yaqindan tanishdi, aniq fanlarga qiziquvchi faol o‘quvchilar bilan muloqot qildi, bolalik xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

— Men professor Dan Shextmanga maktab-internatimiz haqida so‘zlab berdim, — dedi 10-sinf o‘quvchisi Parvina Sharvonova. — U yaratilgan sharoitlarni yuqori baho­ladi. Bolaligida bunday imkoniyatlar bo‘lmaganini ta’kidladi.

Texnion-Isroil texnologiya instituti “Materialshunoslik va muhandislik” kafedrasi professori Dan Shextman 3-noyabr kuni O‘zbekistonga kelgan edi. Tashrif davomida professor Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida yosh olimlar bilan uchrashib, yuqori texnologiyalar va zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan muvaffaqiyatli startaplarni tashkil etishning asosiy bosqichlari xususida fikr almashdi, Toshkent va Samarqand universitetlarida ma’ruzalar o‘qidi. IT-texnopark va Prezident maktabi faoliyati bilan tanishdi, qadimiy va ko‘hna Samarqandni ziyorat qildi. Yoshlar bilan muloqot chog‘ida professor bilimli bo‘lishning asosi qiziquvchanlik va o‘ziga bo‘lgan ishonch ekanini ta’kidladi.

— Ota-onalar bolalarining yoshligidan o‘ziga ishonchini qo‘l­lab-quvvatlashi kerak. Yoshlar ko‘p o‘qishi va biror sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishiga sharoit yaratib berish lozim. Muhimi, o‘zgarishlar va muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmang! Omadsizlik sizni yuqoriga olib chiqa­digan darvozani ochib berishi mumkinligini unutmang, — dedi olim.

Eslatib o‘tamiz, Dan Shextman kvazikristallarni kashf etgani uchun 2011-yili kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan. U nafaqat kimyo, balki fizika sohasidagi yutuqlari uchun ham boshqa nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan. 1996-yili professor Shextman Isroil Fanlar akademiyasining a’zosi, 2000-yili AQSh milliy texnik akademiyasi a’zosi, 2004-yili esa Yevropa fanlar akademiyasi a’zosi etib saylangan. Bugungi kunda professorning kashfiyoti sanoatning metallurgiya, muqobil energetika, optika, elektronika, meditsina hamda kosmos sohalarida keng qo‘llanilmoqda.

Free WordPress Themes